ELAM TILI
ELAM TILI — qadimiy Elam davlatida va Eron tog’liklarining Janub qismida miloddan avvalgi 3-1-ming yilliklarda yashagan xalqning (o’lik) tili. Dravid tillari bilan qarindoshligi aniqlangan. Elam tilining ilk yodgorliklari — ibodatxonalarning xo’jalik hujjatlari — qadimgi Elam davriga (miloddan avvalgi 30-24-asrlar) mansub bo’lib, ilk Elam rasmli (ieroglifik) so’z-bo’g’in yozuvida yozilgan (hali to’liq o’rganilmagan). Ushbu davr oxirlarida Elam tilida chiziqli bo’g’inli Elam yozuvi va Akkad mixxati qo’llana boshlagan (13-asrga mansub podsholik bitimlari). O’rta Elam davrida yodgorliklarning matnlari mixxatda bitilgan (miloddan avvalgi 14—12-asrlar). Yangi Elam davriga podsholik yozishmalari, xo’jalik hujjatlari mansub (miloddan avvalgi 8-6-asrlar). Urartu hududidan Elam tilidagi badiiy matn (miloddan avvalgi 8-asr) topilgan. Miloddan avvalgi 6— 4-asrlarda Axomaniylar davlatining Eron hududida Elam tili rasmiy til hisoblangan. Ushbu tildagi ko’pdan-ko’p yaxlit matnli yodgorliklar ayni shu davrga mansub. Biroq uning leksikasi, ko’plab kalkalari, sintaksisi, uslubi qadimiy fors tilining kuchli ta’siriga uchragan edi. Elam tili ilk o’rta asrlargacha saqlanib qolgan, degan taxminlar mavjud.