ELEKTR APPARATLAR
ELEKTR APPARATLAR — turli qurilmalar, mashinalar, mexanizmlar va boshqalarning elektr va noelektr parametrlarini o’zgartirish, rostlash, o’lchash, nazorat qilish hamda ularni ortiqcha kuchlanishlardan himoya qilish uchun mo’ljallangan elektr qurilmalar. Vazifasiga ko’ra, kommutasion, ishga tushiruvchi-rostlovchi, rostlovchi, cheklovchi, o’lchovchi, nazorat qiluvchi turlarga bo’linadi. Ishi qanday fizik hodisaga asoslanganligiga qarab, Elektr apparatlarni elektromagnit, issiqlik, induktsion vaboshqalar turlarga ham bo’lish mumkin. Ba’zan, bir apparatning ishi bir necha fizik hodisalarga asoslangan bo’ladi. Avtomatik va noavtomatik Elektr apparatlar ham farqlanadi. Elektr apparatlar jumlasiga boshqarish knopkalari, rubilniklar, ajratkichlar, viklyuchatellar (kommutatsion Elektr apparatlar), kontaktorlar, kontrollyorlar, magnitli ishga tushirgichlar, reostatlar va boshqalar (ishga tushiruvchi-rostlovchi Elektr apparatlar), rostlagichlar, stabilizatorlar va boshqalar (rostlovchi Elektr apparatlar), elektr reaktorlar, eruvchan saqlagichlar, razryadniklar va boshqalar (cheklovchi Elektr apparatlar), tok transformatorlari, kuchlanish transformatorlari (o’lchovchi Elektr apparatlar) va boshqalar qurilmalar kiradi. Elektr apparatlar elektr tarmoqlarini himoya qilish tizimlarida, ishlab chiqarish jarayonlarida qo’llaniladigan ishga tushirishrostlash qurilmalarida, transport vositalarida, avtomatika va telemexanika tizimlarida, aloqa, radio va televidenie tarmoqlari va boshqalar ko’p sohalarda ishlatiladi.