ELEKTROMOBIL

ELEKTROMOBIL — akkumulyatorlar batareyasi o’rnatilgan bir yoki bir necha elektr dvigatel yordamida harakatlanadigan avtomobil. 20-asr boshlarida G’arbiy Yevropa va AQSh da Elektromobildan taksi, pochta furgoni, kommunal xo’jalik mashinalari, engil avtomobillar sifatida foydalanilgan. Frantsiyalik K. Jenatsi Elektromobil tezligini 100 kilometr/soatga yetkazgan. Biroq, tezlikning cheklanganligi va energiya sig’imining pastligi (20 Vt/soat kg gacha), akkumulyatorlar batareyasining massasi kattaligi Elektromobilning rivojlanishiga to’sqinlik qiddi. 60-yillardan boshlab ichki yonuv dvigatelni avtomobillardan chiqadigan gaz havoni zaharlashi va shovqinni kuchaytirishi tufayli Elektromobildan shahar transportida foydalanishga ehtiyoj ortdi. Elektromobildagi akkumulyatorlar batareyasining bir galgi zaryadi (energiya zaxirasi) 100 kilometrgacha yo’l yurishga etadi. Elektromobillarning akkumulyatorlari maxsus zaryadlash stansiyalarida zaryadlanadi. O’zgaruvchan tok dvigatelidan foydalanilganda uni o’zgarmas tokka aylantiruvchi o’zgartirgich bo’ladi. Elektromobillar shaharda foydalanishga mo’ljallangan; yurish qismi, kuzovi yengillashtirilgan, alohida transmissiyali va akkumulyatorlar batareyalari almashtirish qulay qilib ishlanadi. Akkumulyatorlar batareyalari Kuzov ostiga joylashtiriladi, tok dvigatelga tiristorli boshqarish bloklari orqali keladi. Dvigatel etakchi ko’prikli bloklarga (oldiga yoki orqasiga) yoki kardanli harakat bloklariga, yoxud g’ildiraklarga o’rnatiladi. Elektromobildan foydalanish shaharlarda shovqinni va havoning buzilishini kamaytiradi, suyuq yonilg’ini tejashga imkon beradi. Elektr energiya suyuq yoki gazsimon yoqilg’idan bevosita avtomobilning o’zida hosil qilinadigan Elektromobillar ham bor. Elektromobil, asosan, AQSh, Angliya, Rossiyada ishlab chiqariladi. AQSh va Germaniyada bir galgi zaryadi 200 kilometrgacha yo’l yurishga etadigan Elektromobillarning eksperimental nusxasi yaratilgan (2005). O’zbekistonda Elektromobilga doir ishlar Toshkent avtomobilyo’shar instititutida olib boriladi.