ELEKTRON MUSIQA CHOLG’ULARI
ELEKTRON MUSIQA CHOLG’ULARI — zamonaviy musiqa cholg’ulari turi; tovushi electron qurilmalar yordamida elektr signallarni hosil qilish, kuchaytirish hamda o’zgartirish yo’li bilan paydo bo’ladi. Ilk namunasi — telarmonium 1897 yilda amerikalik professor T. Kaxill tomonidan ixtiro qilingan. Unda ijro etilgan musiqa asarlari Nyu-York telefon tarmog’i orqali uzatilgan. 1920 yilda rus muhandisi L. Termen havaskor musiqachilarga mo’ljallangan bir ovozli termenvoksni kashf qilgan. 1934 yilda L. Xammond birinchi ko’povozli elektroorganni ishlab chiqqan. Keyinchalik sintezator, orkestrator, 1980-90 yillarda klavinova, raqamli Piano va Royal kabi klavishli, ritm mashina, raqamli barabanlar kabi urma va boshqalar turlari rivoj topdi. Hozirgi Elektron musiqa cholg’ulari elektr signallarni hosil qilish (elektromagnit generatori yoki ossillyator), ularni o’zgartirish (modulyator, filtr, feyzer, multieffektor, miksher, turli prosessorlar, kuchaytirgichlar), yozib olish (sekvenser, sempler), xotirada saqlash (turli disklar), tovushlarga aylantirish (akustik tizimi, dinamiklar) kabi qurilmalardan iborat. An’anaviy musiqa cholg’ularidan farqli o’laroq Elektron musiqa cholg’ulari barcha (musiqiy ohang va usullar bilan birga turli tabiiy va sun’iy) tovushlarni elektronraqamli shakliga aylantirib (masalan, sempler yordamida) xotiraga oladi hamda cheksiz imkon darajasida o’zgartira oladi. Elektron musiqa cholg’ulari popmusiqa, elektron musiqada, shuningdek, turli fonogrammalarni tayyorlashda keng foydalaniladi. O’zbekistonda, asosan, 1980- yillardan tarqala boshladi. Muhiddin Nosirov.