ELEKTROSINTEZ

ELEKTROSINTEZ (elektro… va Yunoncha — birikish) — turli kimyoviy birikmalarni elektrolizlab olish usuli. Anorganik va organik birikmalarni sintezlash uchun elektrokimyoviy oksidlanishdagi anod reaktsiyasidan ham, elektrokimyoviy qaytarilishdagi katod reaktsiyasidan ham foydalaniladi. Elektrokimyoviy oksidlanish va qaytarilishga uchraydigan moddaning kimyoviy tabiati, elektroliz mahsulotlari va elektrod materiali xususiyati hamda bir qator boshqa omillarga ko’ra, Elektrosintez reaktsiyasi 2 xil jarayonda o’tadi. 1jarayonda dastlabki birikma elektronlarni bevosita berish yoki biriktirish yo’li bilan oksidlanadi yoki qaytariladi. 2-jarayonda oksidlanish yoki qaytarilish elektrokimyoviy reaktsiyalari natijasida elektrod sirtida dastlabki hosil bo’lgan agentlar hisobiga amalga oshadi. Kimyo sanoatida turli anorganik birikmalar, asosan, oksidlovchilar muhim ahamiyatga ega. Elektrokimyoviy sintez usuli farmasevtik preparatlar, fotografiya materiallari, vitaminlar, xushbo’y moddalar, monomerlar olishda keng qo’llanadi.