ELEKTROTEXNIKA SANOATI

ELEKTROTEXNIKA SANOATI — elektr energiyasini hosil qilish, uzatish va iste’mol qilish uchun elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaradigan sanoat tarmog’i. Bug’ va gaz turbinalari uchun generatorlar, gidrogeneratorlar, elektr mashinalari, shu jumladan, elektrovozlar, o’zgaruvchan tok elektrodvigatellari, kuch transformatorlari, payvandlash transformatorlari, kabellar, uzoq masofalarga elektr uzatish liniyalari jihozlari va boshqalar mahsulotlar ishlab chiqaradi. 19-asrning 80-yillari paydo bo’ldi. Ayniqsa, AQSh va Germaniyada goqori sur’atlarda rivojlandi. Rossiyada 19-asrning oxirlarida chet el kompaniyalarining filiallari paydo bo’ldi. Sobiq SSSRda GOELRO rejasini amalga oshirilishi bilan bog’liq holda sanoat tarmog’i sifatida shakllandi. O’zbekistonda Elektrotexnika sanoati 2-jahon urushi davrida vujudga keddi. 1941 yilda evakuatsiya qilingan Xarkov “Elektrostanok” va Moskvadagi “TVCh” (“tok vnsokoy chastotn”) zdlari asosida Toshkent elektrotexnika zavodi, 1942 yilda Rossiyaning Vladimir viloyatidagi Kolchugino shahridagi kabel zavodi asosida Toshkent kabel zavodi, Leningrad Elektropult zavodi asosida Chirchiq transformator zavodi ishga tushirilib, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqara boshladi. 1955 yildan respublika Elektrotexnika sanoati mashinasozlikning mustaqil tarmog’iga aylandi. Elektrotexnika sanoatining ixtisoslashtirilishi va energetika talablarining osha borishi bilan 60-yillarda Elektrotexnika sanoati keng rivojlandi. 60-yillarning boshida Namangan shahrida “Elektroterm” (1972 yildan “O’zelektroterm”), Qo’qon shahrida “Elektromash” korxonalari qurilib ishga tushirildi. 1987 yildan Toshkent shahrida “algoritm” birlashmasi ish boshladi (o’quv yurtlari uchun kompyuterlar, elektrotexnika mahsulotlari va xalq iste’moli buyumlari ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi). 1993 yilda respublikadagi 30 dan ortiq sanoat korxonalarini birlashtirgan “O’zeltexsanoat” uyushmasi tashkil etildi. Uyushma korxonalarida kabel simlari, transformatorlar, payvandlash uskunalari, isitkichlar, yarimo’tkazgichlar, quyosh energiyasidan foydalanish stansiyalari va boshqalar mahsulotlar ishlab chiqariladi. Uyushma tarkibidagi korxonalar qoshida AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Shveytsariya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarning kompaniyalari va firmalari ishtirokida 10 ta qo’shma korxona faoliyat ko’rsatadi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar chet ellarga eksport qilinadi. 2003 yilda O’zbekiston Elektrotexnika sanoati korxonalarida 716 ta kuch transformatorlari, 4048,2 kilometr yuqori kuchlanish simlari, 5295 km rezina qobiqli simlar, 8577 kilometr shahar telefon aloqa simlari, 23688 kilometr yoritqich simlari ishlab chiqarildi. Chet ellarda, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda yirik Elektrotexnika sanoati kompaniyalari faoliyat ko’rsatadi. “Jeneral elektrik” (AQSh), “Simens” (GFR), “Xitati” (Yaponiya), “Asea” (Shvesiya), “Elektrosila” (Rossiya) va boshqalar korxonalar jahon Elektrotexnika sanoatida elektr mashinalari, shu jumladan, generatorlar, transformatorlar, yuqori kuchlanishli uskunalar va boshqalar mahsulotlar ishlab chiqarishda etakchi mavqeni egallab keladi. Barno Rahimova.