ELIAVA SHALVA ZURABOVICH
ELIAVA SHALVA ZURABOVICH (1883.15.9, Kutaisi gubernyasining Taniri qishlog’i — 1937.3.12, Moskva) — Turkistonda bolshevikcha rejimni o’rnatgan siyosatchilardan. Peterburg universiteti yuridik fakultetida o’qigan (1903-09). Talabalik paytidan bolsheviklarga qo’shilgan. Vologda gubernyasi ijroiya komiteti raisi va oziq-ovqat komissari, rais o’rinbosari (1917-18). RSFSR XKSning Turkiston ishlari bo’yicha Alohida muvaqqat komissiyasi raisi (1919 yil Fevral — oktyabr), Turkiston fronti inqilobiy harbiy kengashi a’zosi (1919 yil avgust — 1920 yil sentyabr), Butun Rossiya MIK va RSFSR XKS Turkiston komissiyasi (Turkkomissiya) ning birinchi raisi (1919 yil noyabr — 1920 yil avgust), RKP (b) MK Turkiston byurosi (Turkbyuro) a’zosi (1920 yil avgust). Eliava Turkistonda sovet rejimini zo’ravonlik bilan qaror toptirish uchun istiqlolchilarga qarshi kurashda mash’um nom qozongan. 1920 yil yozidan RSFSRning Turkiya va Erondagi Muxtor vakili. 1921-27 yillarda Gruziya SSR harbiydengiz xalq komissari, Gruziya SSR XKS raisi; ZSFSR XKS raisi (1927-30), SSSR Tashqi savdo xalq komissari o’rinbosari (1931-36), SSSR yengil sanoat xalq komissari o’rinbosari (1936-37). Sovet rejimiga sodiqlik bilan xizmat qilgan bo’lsada, qatag’onga uchragan (1937).