EMANSIPATSIYA

EMANSIPATSIYA (lot. emancipatio) — 1) jabr zulm, qaramlik, tutqunlik, turli bid‘atlardan qutilish (masalan, xotin-qizlar Emansipatsiyasi); 2) voyaga yetmagan kishini muomalaga layoqatli deb e‘lon qilish. O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik huquqida Emansipatsiya qoidalari Fuqarolik kodeksiga birinchi marta kiritildi. Voyaga yetmagan shaxsni to’la muomalaga layoqatli deb e‘lon qilish ota-onaning, farzandlikka oluvchilarning yoki homiyning roziligi bilan vasiylik va homiylik organining qaroriga muvofiq yoxud bunday rozilik bo’lmagan taqdirda, sudning qarori bilan amalga oshiriladi. Ota-ona, farzandlikka oluvchilar va homiy, Emansipatsiya qilingan voyaga yetmagan shaxsning majburiyatlari bo’yicha, xususan, u yetkazgan zarar oqibatida kelib chiqqan majburiyatlar bo’yicha javobgar bo’lmaydilar. 3) mustaqillikni va teng huquqlikni qo’lga kiritish.