EMLASH
EMLASH, vaktsinasiya — odam va hayvonlarda infektsion kasalliklar yuqishining oldini olish usuli, bunda organizmga vaktsinalar, immun zardoblar yoki gammaglobulin yuborib, sun’iy faol yoki passiv immunitet hosil qilinadi. Sun’iy faol immunitet hosil qilish uchun odam vaktsinalar bilan emlanadi, bunda organizmda yuborilgan vaktsina tarkibidagi antigenlarga qarshi faol immunitet rivojlanadi. Emlashda vaktsinalarni teri ustiga, teri ostiga, muskul orasiga, burun va og’iz orqali yuborish mumkin. Vaktsinalar bilan Emlash jadvali har xil: bir marotaba, ikki, uch marotaba va hokazolar. Sun’iy faol immunitet immunizasiya tugaganidan so’ng 2-3 hafta o’tgach paydo bo’ladi va oylab, hatto yillab saqlanib qoladi. Takror Emlash (immunitet darajasi susayganda) revaktsjasiya deb ataladi. Sun’iy passiv immunitet organizmning himoya faoliyatini oshirish, ko’zda tutilgan tegishli yuqumli kasallikka qarshi chidamlilik yoki boshlangan kasallikning kechishini yengillashtirish maqsadida qilinadi. Bir qancha yuqumli kasalliklar (odamlarda gepatit V, sil, bo’g’ma, qoqshol, ko’kyo’tal, qizamiq, tepki, poliomielit; hayvonlarda brusellyoz, quturish, o’lat, oqsim va boshqalar)ga qarshi rejali ravishda; ayrim yuqumli kasalliklar (gripp, ich terlama, kuydirgi, tulyaremiya va boshqalar)ga qarshi esa epidemiologik zaruriyat bo’yicha emlanadi. Emlash poliklinikalarda yoki Emlash markazlarida maxsus tayyorlangan tibbiyot xodimi tomonidan vrach nazoratida o’tkaziladi. Bolani Emlashdan avval uning gavda harorati o’lchanadi va qanday kasalliklar bilan og’riganligi so’rab surishtiriladi; vrach bolani sinchiklab tekshirib, uni Emlash mumkin yoki mumiga emasligini aniqlaydi. Yuraktomir, Markaziy nerv sistemasi kasalliklaridan tuzalgan yoki surunkali kasalliklari bor bolalar tegishli mushassislar ko’rigidan o’tganidan so’ng emlanishi lozim. Bola emlanganda ba’zan kuchli reaktsiya yuzaga keladi, shuning uchun emlangandan keyin u ma’lum bir vaqt davomida vrach nazoragada bo’lishi kerak. Emlash mahalliy va umumiy ta’sir ko’rsatishi, ya’ni emlangan joy sal qizarishi, shishishi, og’rishi, harorat ko’tarilishi va umumiy darmonsizlik kuzatilishi mumkin. Emlangan bola juda bezovtalansa, qattiq isitmalasa darhol vrachga murojaat qilish zarur. Bolalar yoki kattalarning emlanganligi haqidagi ma’lumotlar ularning tibbiy hujjatiga qayd etiladi. Otaonalar bolasiga qanday Emlash o’tkazilganini va qaysilari qachon qilinishi kerakligini yaxshi bilishlari, shuningdek, Emlashning belgilangan muddatda o’tkazilishiga amal qilishlari zarur, chunki o’z vaqtida o’tkazilgan Emlash juda yaxshi naf beradi. Hozirda respublikamizda ko’pgina og’ir kechuvchi yuqumli kasalliklarga qarshi rejali ravishda va epidemiologic holatlarga qarab bolalar va xavfli guruhga kiruvchi katta kishilar davlat tomonidan bepul emlanadi. O’tkazilgan chora-tadbirlar tufayli O’zbekiston hududida shol kasalligi oxirgi yillarda qayd etilmayapti, shuningdek, bo’g’ma, qizamiq, tepki, gepatit V kasalliklari bolalar orasida keskin kamaydi.