ENDEMIKLAR
ENDEMIKLAR, endemlar (Yunoncha — mahalliy) — tarqalishi nisbatan kichik geografik hudud bilan cheklangan hayvonlar va o’simliklar oilalari, urug’lari, turlari yoki boshqa taksonlari. Endemiklar — biron flora yoki faunaning o’ziga xos tarkibiy qismi. Endemizmning rivojlanishi geografik chegaralanish, iqlim va edafik (tuproq) sharoitlari, biologik omillar (parazitlik, konkurentsiya va boshqalar) bilan bog’liq. Tur endemizmi juda cheklangan bo’lishi mumkin. Endemiklar ko’proq okean, orollar, tog’li hududlar va ko’llarda uchraydk. Masalan, Avliyo Yelena oroli florasining 85% chasi, Kavkaz florasining 20% ga yaqini, Baykal ko’li faunasi va florasining 75% ga yaqin turi Endemiklardan iborat. Shakllanish muddatiga binoan, Endemiklar paleoendemiklar va neoendemiklarga ajratiladi. Paleoendemiklar — yo’qolib borayotgan relikt turlardan iborat. Ularga G’arbiy va Markaziy Xitoyda o’sadigan metasekvoyya va Ginkgo; Kaliforniya sekvoyyasi, Avstraliya va Tasmaniyadagi o’rdakburun; Hind okeani Komor oroli yaqinida tarqalgan latimeriya kiradi. Neoendemiklar — yaqinda chegaralangan hududlarda paydo bo’lgan, progressiv yosh turlar yoki formalar. Ularga Qrim florasi va faunasi, Britaniya orollari faunasidagi bir qancha turlar kiradi.