ENDOKARDIT
ENDOKARDIT — endokardning yallig’lanishi. Odatda, miokardning yallig’lanishi (endomiokardit) bilan birga kechadi. Kelib chiqishiga ko’ra, revmatizm (revmatik Endokardit) va sepsis (septik Endokardit), shuningdek, zaxm, sil va shikastlanish oqibatida rivojlanadigan Endokardit farqlanadi. Endokarditda ko’pincha yurak klapanlari (miokard infarktida) zararlanib, funktsiyasi o’zgaradi, bu yurak poroklarita olib keladi. Endokarditning turli shakllarida yurak klapanlari turlicha (mas, revmatik Endokarditda mitral klapan; septik va zaxm Endokarditida aortal klapan) zararlanadi. Endokardit o’tkir, ba’zan xavfli, o’rtacha o’tkir, surunkali kechadi. Kasallikning klinik belgilari uning etiologiyasiga bog’liq. Revmatik Endokardit asta-sekin boshlanadi, lohaslik, toliqish, bir oz harorat ko’tarilishi, yurak urishining tezlashuvi va shu sohada noxush og’riq kuzatiladi; auskultasiya chog’ida yurakda o’ziga xos shovqin eshitiladi, puls tezlashadi. Septik Endokarditda dastlab salgina harorat ko’tariladi, keyinchalik shamollash aralash qattiq isitma tutadi; teri rangsizlanadi, ko’p terlash, qamqonlik alomatlari kuzatiladi; eritrositlarning cho’kish tezligi ortadi, puls tezlashadi, yurak o’lchamlari kengayadi, yurakda shovqin, aortal yetishmovchilik vujudga keladi. Septik Endokarditda emboliya, buyrak, miya tomirlarining zararlanishi va boshqalar asoratlar rivojlanishi mumkin. Davo kasallikning shakli, kechishi va belgilariga qarab tayinlanadi. Oldini olish. Endokarditga sabab bo’ladigan kasalliklar (revmatizm, angina va boshqalar)ni o’z vaqtida davolashdan iborat.