ENDOKRINOLOGIYA INSTITUTI

ENDOKRINOLOGIYA INSTITUTI, O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligi Endokrinologiya ilmiytadqiqot instituti — ilmiy tekshirish muassasasi. 1957 yil o’lka tibbiyoti ilmiy tekshirish instituti nomi bilan Toshkentda tashkil etilgan. 1989 yildan hozirgi nomda. Endokrin bez kasalliklarini eksperimental va klinik usullar yordamida o’rganadi va davolaydi. Intning asosiy ilmiy yo’nalishi O’zbekistonda yod yetishmovchiligi holatini bartaraf etish, qandli diabet kasalligi, uni oldini olish va davolash, asoratlarini bartaraf etishning samarali usullarini ishlab chiqish, bolalar va o’smirlarda kuzatiladigan endokrin xastaliklarni o’rganish va amaliyotga tadbiq etish (pakanalik, qandli diabet, buyrak usti bezi va jinsiy bezlar), gipofiz, birlamchi giperparatireoz, qalqonsimon bez xastaliklari, jinsiy rivojlanishdan orqada qolishning zamonaviy diagnostikasi, shuningdek, respublikada endokrinologik xizmatni tashkil qilish masalalari va hokazolarga oid. Institutda 6 ilmiy laboratoriya, tashkiliy-uslubiy bo’lim, kutubxona, vivariy va 246 o’ringa mo’ljallangan klinika bor. Klinikada 12 bo’lim, maslahat poliklinikasi, biokimyoviy laboratoriya, funktsional diagnostika, yadro tibbiyot bo’limi, dorixona, rentgen, ultratovush tashxisi, gastroduodenoskopiya va stomatologiya xonalari bor. Intning jarrohlik bo’limida yiliga 700 ga yaqin (qalqonsimon bez, qalqonsimon bez oldi bezlari, buyrak usti bezi, me’da osti bezi va jinsiy bez xastaliklari) operatsiya qilinadi. Institut faoliyati A. A. Asqarov, Yo. X.To’raqulov, R.Qislombekov, E.G’. Qayumov, N.S.Kelginbaev, N.R.Rahimov, S.A.Ma’sumov, Sh.Sh.Ilyosov va S.I.Ismoilov kabi olimlar nomi bilan bog’liq. Endokrinologiya institutida Toshkent tibbiyot pediatriya institutining bolalar endokrinologiyasi (rahbar prof. S.I.Ismoilov) va Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining Endokrinologiya kafedralari mavjud bo’lib, ular respublikaning boshqa tibbiyot institutlari kafedralari (1 va 2 Toshti, shuningdek, Andijon, Buxoro, Samarqand tibbiyot institutlari) bilan hamkorlikda faoliyat ko’rsatadi. Institutda Doktorlik va nomzodlik dissertasiyalarini himoya qilish bo’yicha ixtisoslashgan ilmiy kengash bor.