ENDOMETRIT

ENDOMETRIT (Endo… va Yunoncha bachadon) — bachadon shilliq qavati — endometriyning yallig’lanishi. Endometritni septik infektsiya (streptokokk, stafilokokk, gonokokk, ichak tayoqchasi) va boshqalar mikroorganizmlar qo’zg’atadi. Endometrit so’zak, sil kasalliklari oqibatida ham yuzaga keladi. Bachadonga infektsiya qon va limfa yo’llari orqali o’tadi. Endometrit o’tkir va surunkali kechadi. Kasallik belgilari abort yoki tug’ruqdan keyin 3—4 kuni yuzaga chiqadi. Bachadonda qon va yo’ldosh qoldiqlarining qolib ketishi kasallik avj olishiga sabab bo’ladi. Endometritda bemor isitmalaydi, eti uvushadi, ishtahasi pasayadi, bosh va qorinning pastki qismi og’riydi. O’tkir Endometritda bachadon yumshoq, shishgan, palpasiyada og’riqli, ajraladigan chiqindi hidli bo’ladi. Surunkali Endometritda hayz ko’rish buziladi. Bachadon qattiqlashgan, kattalashgan, ogriqsiz, undan ajraladigan chiqindi yiringli bo’ladi. Oldini olish. Chilla davrida ayolni infekpiyadan saqlash va to’g’ri parvarish qilishdan iborat. Davo bemorning ahvoliga, kasallik belgilariga qarab tayinlanadi.