ENGELS FRIDRIX
ENGELS FRIDRIX (1820.28.11, Barmen, Germaniyaning Vuppertal shahri — 1895.5.8, London) — mutafakkir va jamoat arbobi, marksizm asoschilaridan biri. Fabrikant oilasida tug’ilgan. 1841— 42 yillarda Berlinda harbiy xizmatni o’tash davrida untga kelib ma’ruzalar tinglab turdi. 1842 yil Manchester (Buyuk Britaniya) ga ko’chib kelib fabrika idorasida ishladi; “Reyn gazetasi”da hamkorlik qildi. Parijda 1844 yil K.Marks bilan bo’lgan uchrashuv ularning do’stligiga asos soldi. Engels “Kommunistlar Ittifoqi”ni tashkil etishda (1847) va uning faoliyatida ishtirok qildi. Marks bilan birga ittifoq dasturi — “Kommunistik partiya manifesti”ni yozdi (1848). 1848 yil iyun — 1849 yil mayida Kyolnda Marks bilan birgalikda “yangi Reyn gazetasi”ni nashr etdi, 1849 yil Janubiy G’arbiy Germaniyada qurolli qo’zg’olonda qatnashdi. 1849 yil noyabrda Londonga ko’chib keldi, 1850 yil noyabrda esa Manchesterga kelib, savdo idorasida ishlay boshladi. 1870 yildan Londonda yashadi; Marksga doimiy moddiy yordam berib turdi. U bilan birga I Internasional faoliyatiga rahbarlik qildi. Marks vafotidan keyin Engels Yevropa sotsialistlarining maslahatchisi va rahbari bo’ldi. Asosiy asarlari: “Angliyada ishchilar sinfining ahvoli” (1845), “Muqaddas oila” (1845), “nemis mafkurasi” (1845-46) (keyingi ikkalasi K. Marks bilan birgalikda yozilgan), “Germaniyada dehqonlar urushi” (1850), “Germaniyada inqilob va aksilinqilob” (1851-52), “Antidyuring” (1878), “oila, xususiy mulk va davlatning kelib chiqishi” (1884), “Lyudvig Feyerbax va nemis klassik falsafasining oxiri” (1886), “Tabiat dialektikasi” (1873-82; 1925 yil bosilib chiqqan), “Frantsiya va Germaniyada dehqonlar masalasi” (1894). Engels Marks bilan birgalikda yaratgan ta’limot tarixiy taraqqiyotga,hayotning ob’yektiv qonuniyatlariga zid edi. Bu ta’limot 20-asrda dunyoning katta qismida muayyan sinf mafkurasiga aylantirilib, jamiyatning barcha a’zolarini unga bo’ysundirishga harakat qilindi. Bunday ta’limot amal qilgan ijtimoiy tuzumda mulkka egalik, shaxs erkinligi, inson huquqlari poymol etilishi natijasida o’ta salbiy ijtimoiy jarayonlar sodir bo’ldi.