ENTOMOLOGIYA

ENTOMOLOGIYA (lotincha — hasharotlar va …logiya) — hasharotlar to’g’risidagi fan. Hasharotlarning tuzilishi, hayot kechirishi, ularning individual va tarixiy rivojlanishi, xilma-xilligi, yer yuzida tarqalishi, yashash muhiti bilan munosabatlari va boshqalarni o’rganadi. Vazifasiga binoan, nazariy, ya’ni umumiy Entomologiya va amaliy Entomologiya farq qilinadi. Umumiy Entomologiya hasharotlar morfologiyasi, embriologiyasi, fiziologiyasi, biokimyosi, etologiyasi, entomogeografiyasi, paleontologiyasi, sistematikasi va boshqalar fanlarga ajratiladi. Bu fanlarni o’rganish ob’ektiga binoan, yanada kichikroq bo’limlarga ajratish mumkin. Masalan, sistematika tarkibida koleopterologiya — qattiq qanotlilarni, lepidopterologiya — kapalaklarni, mirmikologiya — chumolilarni o’rganadi. Amaliy Entomologiyaning o’rganish ob’yekti — qishloq xo’jalik o’simliklari va mahsulotlari zararkunandalari, odam, hayvonlar va o’simliklarning parazitlari hamda xalq xo’jaligida va tabiatda foydali ahamiyatga ega bo’lgan hasharotlar. Amaliy Entomologiya ham o’z vazifasiga binoan, o’rmon zararkunandalari (o’rmon Entomologiyasi), qishloq xo’jalik ekinlari zararkunandalari (qishloq xo’jalik Entomologiyasi), xonaki va yovvoyi hayvonlarda parazitlik qiluvchi hasharotlar (veterinariya Entomologiyasi), odamda parazitlik qiluvchi (tibbiyot Entomologiyasi) hamda odam foydalanadigan mahsulot beradigan tut va dub ipak qurti (ipakchilik), asalarni (asalarichilik) o’rganadigan fanlarga ajratiladi. Entomologiya fani faqat 17-asrda Gollandiya olimi Ya. Svammerdamning asalari anatomiyasi va rivojlanishi (1669), Italiya olimlari M. Malpigining ipak qurti anatomiyasi va rivojlanishi (1686) va F. Buonannining hasharotlar og’iz organlarining tuzilishi, nemis olimi I. Gedartning hasharotlar metamorfozi to’g’risidagi ishlari asosida shakllandi. Shved olimi K. Linney hasharotlarning zamonaviy sistematikasiga asos soldi. U hasharotlarning 1936 turiga tavsif berib, qanotlarining tuzilishi asosida ularni 9 turkumga ajratadi va binar nomenklaturani asoslab beradi. 19-asrda ingliz entomologlari U. Kyorbi, J. Uestvud va J. Lebbok yana bir necha turkumlarni tavsiflab berishdi. Franiiya entomologi P. Laterl hasharotlarning sinf hajmidagi sistematikasini taklif etdi. 1831. Ch. Darvinning “turlarning kelib chiqishi” (1859) asarining yuzaga kelishi bilan hasharotlar sistematikasi filogenetik asosda tuzila boshlandi. 19-asrning 2-yarmida hasharotlar anatomiyasi va metamorfozi to’g’risida yirik ishlar paydo bo’ladi. Rus olimlari N.P.Vagner pedogenezni (1862), A.A.Tixomirov ipak qurtida sun’iy partenogenezni (1886), A.O.Kovalevskiy hasharotlarda murtak varaqdarini (1869-71), P. Marshal poliembrioniyani (1898) kashf etishdi. 20-asr davomida dunyo entomofaunasi bo’yicha juda katta material to’plandi; nazariy va amaliy Entomologiya sohasida ko’plab kashfiyotlar qilindi. 20-asr oxirlariga kelib hasharotlarning 1 mln.dan ortiq turi aniqlandi; turkumlar soni 40 ga yaqinlashdi, hasharotlar sistematikasi qayta ko’rib chiqildi va takomillashtirildi. Entomologiyada yangi va ancha nozik metodlar (elektron mikroskopiya, kariosistematika) va kompyuter texnologiyasi, sistematikada sonli taksonomiya va taksonomik taxlil qo’llanila boshlandi (Amerika olimi R. Sokal, rus olimi E.S.Smirnov va boshqalar). Hasharotlar fiziologiyasi, nafas olishi (daniyalik olim A.Krog), ayirish (ingliz olimi V.B.Unglsuort), sezgi organlari, qutblashgan nurni qabul qilish va unda mo’ljal olish (nemis olimi K. Frish) va boshqalar masalalar keng miqyosda o’rganila boshlandi. Hasharotlar Markaziy nerv sistemasining gormon ajratishi (polyak olimi S. Kopes, 1917), tullash gormonlari—ekdizonlar (A.Butenand, 1954), hasharotlar rivojlanishini boshqaruvchi yuvenil gormon (K. Uilyams, 1956) kashf qilindi. 20-asrning 2-yarmiga kelib hasharotlar ajratadigan va ular xatti-harakatini boshqaradigan feromonlarning kashf etilishi (nemis olimi A. Butenand va boshqalar) hasharotlar xatti-harakatini o’rganishga qiziqishni kuchaytirdi. 20-asr o’rtalarida asalarilar tilining kashf etilishi (nemis zoologi K. Frish) bilan etologiya Entomologiyaning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylandi. Hasharotlar ekologiyasi sohasidagi dastlabki yirik tadqiqotlar Amerika olimlari V.Shelford (1913) va R. Chempen (1931) nomi bilan bog’liq. Nemis olimi G. Blunk (1922) hasharotlarning yashash muhiti bilan o’zaro munosabatlarini o’rganadi va ularning rivojlanishi harorat bilan bog’liqligini ko’rsatadi. Norvegiya biologi K. Fegri (1975) hasharotlar bilan entomofil o’simliklar o’rtasidagi murakkab munosabatlarni umumlashtiradi. Amaliy Entomologiya sohasida tadqiqotlar 19 va 20-asr chegarasida rivojlana boshladi. Dastlabki yirik ishlar o’rmon, dala va poliz ekinlarining zararkunandalarini o’rganishga bag’ishlangan edi (nemis olimlari Yu. Ratseburg, 1837-44; G. Nerdlinger, 1869; Kaltenx, 1874; rus olimi F. P. Keppen, 188184). Tibbiyot Entomologiyaning rivojlanishi bezgak kasalligini tarqatuvchi chivinning o’rganilishidan boshlandi (rus olimi V.Ya.Danilovskiy, 1888; italyan olimi E. Martini, 1923, 1941 va boshqalar). Tibbiyot va veterinariya Entomologiyaning rivojlanishida rus olimlari V.N.Beklemishevning bezgak chivinini o’rganish sohasidagi ishlari, E.N.Pavlovskiyning transmissiv (hasharotlar va boshqalar bo’g’imoyokdilar orqali tarqaladigan) kasalliklarning tibbiy manbaligi to’g’risidagi ta’limoti katta ahamiyatga ega bo’ldi. O’rta Osiyo hududida, jumladan, O’zbekistonda Entomologiya sohasida tadqiqotlarni rus tabiatshunos olimi A. B. Fedchenko boshlab bergan. U olay va Zarafshon bo’ylab o’tkazgan ekspedisiyalarida (1868-71) hasharotlarning 2000 ga yaqin kollektsiyasini to’plagan. V.F.Oshanin (1844— 45) Amudaryo yuqori qismida tarqalgan hasharotlarni o’rganadi. Uning “Turkiston chala qattiq qanotlilari faunasi zoogeofafiyasi” (1891) asarida 700 dan ortiq hasharotlar to’g’risida ma’lumot beriladi. 1898 yilda qishloq xo’jalik zararkunandalarini o’rganish maqsadida Turkiston qishloq xo’jalik jamiyati qoshida “chigirtka komiteti”, 1911 yilda Toshkentda Turkiston entomologik stantsiyasi tashkil etilib, 1925 yilda O’zbekiston o’simliklarni himoya qilish stantsiyasiga aylantiriladi. Stantsiyada qishloq xo’jalik zararkunanda hasharotlarini o’rganish va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish bo’yicha bir qancha tadqiqotlar olib borildi (V.I. Plotnikov, V.V.Yaxontov, P.P.Arxangelskiy, V.V.Nikolskiy). 1929 yil g’o’za zararkunandalarini o’rganish bo’yicha maxsus stantsiya tashkil etilib, 1958 yilda uning bazasida O’rta Osiyo o’simliklarni himoya qilish ilmiy tekshirish instituti ochildi. O’zbekistonda tibbiyot va veterinariya Entomologiyasi sohasidagi tadqiqotlar bezgak kasalligi qo’zg’atuvchisini o’rganish bilan boshlandi. 1913 yilda Turkistonda odam va hayvonlar tropik kasalliklarini o’rganish bo’yicha o’tkazilgan ekspeditsiya hisobotida bezgak kasalligini tarqatuvchi chivinlar to’g’risida ma’lumot beriladi (V.L.Yakimov). 20-asrning 20-30-yillarida bezgak kasalligi va bezgak pashshasini o’rganish bo’yicha keng miqyosda tadqiqotlar olib boriladi (N.I.Xodukin, L.M.Isaev); bezgakni tadqiq etuvchi bir qancha stantsiyalar va Samarqand shahrida tropik kasalliklar (hozirgi Tibbiyot parazitologiyasi) instituti tashkil etildi. 1920 yildan boshlab Turkiston davlat unstituti kafedralari qoshida entomologiya sohasidagi ishlar boshlab yuborildi (A.L.Brodskiy). Qon so’ruvchi ikki qanotlilarni o’rganish bo’yicha O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Zoologiya institutida olib borilgan ishlar ular turlari tarkibi, tarqalishi, ekologik xususiyatlari va epidemiologik ahamiyatini aniqlashga imkon berdi (E.I.Gan, M.K. Qodirova). Entomologiya sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar tufayli hozir g’o’za va boshqalar qishloq xo’jaligi ekinlari hamda ombor zararkunandalari to’g’risida katta ma’lumotlar yig’ildi (V.V.Yaxontov, A. G. Davletshina), kuzgi va g’o’za tunlamining tez ko’payib ketishini prognoz qilish metodlari ishlab chiqildi (K.I.Larchenko, F.M.Uspenskiy, F.N.Stepanov, S.A.Juravskaya, A. Sh.Hamroev va boshqalar); g’o’za maysalari va ildizida zararkunandalik qiluvchi hasharotlar (R.O. Olimjonov), qishloq xo’jalik mahsulotlari zaxiralari (S.M. Alimuhamedov), bog’ va o’rmon zararkunandalari (X.T.Nevskiy, M.I.Kosobuskiy, I.K. Maxnovskiy) o’rganildi. Hozirgi davrda Entomologiya sohasida asosiy z’tibor hasharotlarning xilmaxilligi, ularning noyob va yo’qolib borayotgan turlarini o’rganish, zararkunanda hasharotlar (jumladan termitlar)ga qarshi kurashning atrof muhitga kam ziyon yetkazadigan ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu maqsadda har xil biologik faol preparatlar, jumladan, attraktantlar, feromonlar va jinsiy gormonlardan foydalanish metodlari ishlab chiqilmoqda. O’zbekistonda Entomologiya sohasida tadqiqotlar O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti, o’simliklarni himoya qilish instituti, sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik instituti, manzarali bog’dorchilik va o’rmon xo’jaligi ilmiyishlab chiqarish markazi, Respublika karantin laboratoriyasi, veterinariya instituti hamda deyarli barcha oliy o’quv yurtlari kafedralarisa olib boriladi. Ad.: Bey-Bienko G.Ya., Obshaya entomologiya, 2 izd., I., 1971; Nasekomme Uzbekistana, T., 1993; Mavlonov O., Xurramov Sh., Umurtqasizlar zoologiyasi, T., 1998. Jaloliddin Azimov, Ochil Mavlonov.