EPIR

EPIR — shimoliy Gretsiyadagi qadimiy o’lka. Epir yunon qabilalarining eng qadimiy yurti, shu yerdan ular keyinchalik Bolqon yarim oroli va Egey dengizi orollariga tarqalganlar degan fikrlar mavjud. qadimiyda Epirda qardosh illiriy qabilalar: xaonlar, molosslar, fesprotlar va boshqalar yashagan. Bu qabilalar ehtimol Epirning qadimiy yunon aholisini siqib chiqarishgan. Miloddan avvalgi 6-5-asrlarda xaonlar Epirda eng kuchli qabila hisoblangan. Keyinchalik ustunlik molosslarga o’tgan, ularning shohlaridan biri — Pirr davrida (miloddan avvalgi 4-asr oxiri — 3-asr boshi) Epirning butun hududi yagona davlatga Birlashgan (shundan keyin Epir aholisi epirotlar deb atalgan). Miloddan avvalgi 168 yil Epirni rimliklar bosib olib, 70 dan ortiq shaharni vayron qilishgan va 150 mingga yaqin epirotlarni qul qilib haydab ketishgan. Avgust davrida (miloddan avvalgi 27—milodiy 14 yil) Epir hududi Rimning axayya provintsiyasi tarkibiga kiritilgan. Imperator Trayan davrida Epir Akarnaniya bilan birlashtirilib Epir provintsiyasini tashkil qilgan, 3-asr oxirida Illiriyaning bir qismi bilan bitta provintsiyaga birlashtirilgan. Milodiy 4-asrdan — Vizantiya tarkibida (13-14-asrlarda Epir hududi Epir davlatiga kirgan), 15-asr o’rtalaridan — Usmonli turk imperiyasi hukmronligi ostida bo’lgan. 1881 yil Epirning bir qismi (arta rayoni) Gretsiyaga qo’shib yuborilgan; 1912-13 yillardagi Bolqon urushlaridan so’ng Epirning butun hududi Gretsiya tarkibiga kirgan.