EPOPEYA

EPOPEYA (epos va Yunoncha — yarataman, ijod qilaman) — umumxalq muammosi tasvir etilgan yirik hajmli epik asar. Qadimgi (yoki qahramonlik) Epopeya hamda yangi zamon Epopeyasi kabi bosqichlarga bo’linadi. Badiiy so’z taraqqiyotining ilk bosqichida Epopeya xalq qahramonlik eposining ko’rinishlaridan biri hisoblangan. Epopeyaning xalq og’zaki ijodi negizida yuzaga kelgan mumtoz namunalari sirasiga yunonlarning “Iliada” va “Odisseya”, hindlarning “Mahabharata” va “Ramayana”, frantsuzlarning “Roland haqida qo’shiq”, nemislarning “Nibelunglar haqida qo’shiq”, o’zbeklarning “Go’ro’g’li”, “Alpomish” va boshqalar asarlari kiradi. Bu xil Epopeyalar mazmuni murakkab va ko’p qirrali bo’lib, unda muayyan xalqning shakllanish davridagi turmushi, buyuk qahramonliklar, xalq taqdirida ro’y bergan keskin o’zgarishlar aks etadi. Epopeya qahramonlari qiyofasida u yoki bu xalqning orzu-intilishlari, qudrati va ulug’vorligi o’z ifodasini topadi. Badiiy fantaziya darajasiga ko’tarilgan obrazlilik, tasvirlanayotgan hodisalarning favqulodda mo”jizaviyligi, bayonning batafsilligi, syujet qamrovining keng va ko’lamdorligi, badiiy tasvir vositalarining yorqin hamda ta’sirchanligi qadimiy Epopeyaga xos badiiy-estetik belgilardir. Keyinchalik yozma adabiyotning ayrim vakillari Epopeyaga xos miqiyos va ko’lamdorlikni o’zlarining individual ijodlariga ko’chirishga urinib, hajman yirik, mazmunan xalq hayotidagi muhim hodisalarni aks ettiruvchi asarlar yaratishga tutindilar (Vergiliy, “Eneida”; T. Tasso, “Ozod qilingan Quddus”; Volter, “Genriada” va boshqalar). Uyg’onish davriga kelib, Yevropada ijtimoiy munosabatlarning keskin o’zgarishi yangi davrning tabiati va ehtiyojlariga mos keladigan Epopeya yaratilishini talab etdi. Natijada Dante, Rable, Servantes va boshqalar buyuk ijodkorlar tomonidan E.ning qadimiy ko’rinishlaridan ham shaklan, ham mazmunan farq qiladigan va yangi zamon talablariga javob bera oladigan yorqin namunalari yaratildi (“ilohiy komediya”, “Gargantyua” va Pantagryuel”, “don Kixot” va boshqalar). Forsiy va turkey adabiyotlardagi “Xamsa” asarlari ham jamiyat oldida turgan o’ta dolzarb hayotiy muammolarning monumental yo’sinda aks ettirilishi jihatidan Epopeya talablariga javob bera oladi. Evropa adabiyotida ma’rifatchilik davrida realistik romanning shakllanishi Epopeyaning yangi tipini vujudga keltiradi. Olamni realistik tarzda ifoda etgan Epopeyalar yuzaga keldi (G.Fildingning “topib olingan Tom Jons tarixi”, Balzakning “inson komediyasi”, L. Tolstoyning “Urush va tinchlik”, F.Dostoevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” singari Roman Epopeyalari). Mazkur Romane.larning asosiy xususiyati ularda xalklar taqtsirining, muayyan tarixiy jarayonning, umumxalq, umumjahon ahamiyatiga molik muammolarning keng va atroflicha aks ettirilganligida ko’rinadi. 20-asr adabiyotida Roman Epopeyaning yaxshi namunalari yaratildi. O’zining janr mohiyatiga ko’ra, Epopeya xarakteridagi qator monumental asarlar yuzaga keldi (M.Sholoxovning “Tinch Don”, A.Tolstoyning “Sarsonliksargardonlikda”, U.Folknerning “Qo’rg’oncha” va boshqalar). Bu Epopeyalarda jamiyat tarixiy taraqqiyotining muayyan jarayonlari hamda o’sha muhitga xos qahramonlar xarakterining shakllanish yo’llari butun murakkabligi bilan teran aks ettirilgan. Qozoqboy Yo’ldoshev, Islom Yoqubov.