ERGASHEV ANVAR YULDOSHEVICH
ERGASHEV ANVAR YULDOSHEVICH (1954. 19.4, Dushanba) — kompozitor, dirijyor, O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi (2002). Toshkent konservatoriyasini fortepiano (1977), kompozisiya (1986) va operasimfonik dirijyorligi (1994) ixtisosliklari bo’yicha tutatgan. Farg’ona musiqa bilim yurti (1977-80), Toshkentdagi Glier nomidagi maxsus musiqa maktabi (1980-86) o’qituvchisi. Madaniyat ishlari vazirligida mas’ul xodim (1986— 88), Toshkent madaniyat instituti (1988— 94)da pedagog, Navoiy teatrida dirijyor (1993 yildan), badiiy rahbar (2002 yildan), O’zbekiston milliy simfonik orkestrining bosh dirijyori (1998 yildan). “Humo” baleti, 2 fortepiano kontserti, violonchel va orkestr uchun poema, fortepiano triosi, skripka va fortepiano uchun Sonata, klarnet va fortepiano uchun “sharqona kaprichchio” kabi simfonik va kamer asarlar, shuningdek, qator spektakllar uchun musiqa yaratgan. Ayniqsa, Ergashevning kino va telefilmlarga yozgan musiqalari (“3 qirol jangi”, “Sherali va Oybarchin”, “tabib”, “Domla”, “quyoshi botmaydigan yurt”, “Sharif va Ma’rif”, “aka Sharif Toshkentda”, “tilla bola”, “Yulduzimni ber, osmon” va boshqalar), musiqali ertak (“balli uloqcha”, “yarashyarash”, “12 oy”, “qor malikasi”), musiqali komediya (“anqovlar chayqovi”, “Mittivoy”, “O’ldir meni azizim” va boshqalar)lari ommalashgan.