ERKIN IQTISODIY ZONALAR

ERKIN IQTISODIY ZONALAR davlatlararo kelishuvlarga yoki maxsus qonunlarga muvofiq, xo’jalik va tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug’ullanish uchun imtiyozli soliq, moliya, huquqiy sharoitlar joriy qilinadigan muayyan hududlar. Xorijiy va mahalliy tadbirkorlarni jalb etish maqsadlarida tashkil etiladi va ularda zarur ishlab chiqarish va ish yuritish infratuzilmasi barpo etiladi. Erkin iqtisodiy zonalar ko’p hollarda davlatlararo tutash hududlarda (bir necha davlatlarning chegaralari tutashgan hudud), xalqaro aeroportlar, port shaharlarda yoki transport yo’llari tutashgan hududlarda tashkil etiladi. Erkin iqtisodiy zonalarda alohida xalqaro huquqiy status joriy etiladi. Lekin u qaerda joylashishidan qat’i nazar, shu mamlakatning ajralmas bo’lagi hisoblanadi, barcha amaliyotlar (yer ajratish, firma va kompaniyalarni tashkil etish, chegaradan yuklarni, tovarlarni olib kirish va olib chiqish, boj to’lovlari, soliq to’lovlari bo’yicha imtiyozlar, qaysi valyuta yoki valyutalar to’lov vositasini o’tashi, hududni boshqarish tartibi va boshqalar) qabul qilingan qoidalar asosida tezkorlik bilan bajariladi. Erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etishdan maqsad ko’plab yangi texnologiya, investisiyalarni jalb qilib, rivojlangan iqtisodiy makon yaratish va shu yo’l bilan mamlakat iqtisodiyotini tezkorlik bilan rivojlantirishdir. Erkin iqtisodiy zonalarni hozirgi zamon iqtisodiy integrasiya jarayonlarining mahsuli, deb qarash unchalik to’g’ri emas. Uning tarixi juda ko’hna. Erkin iqtisodiy zonalar tarixi mil. boshlariga borib taqaladi. qadimiy finikiyaliklar, yunonlar va rimliklar savdo ishlarini rivojlantirish maqsadida chet el savdo kemalarining o’z portlariga erkin kiribchiqishini va ularning xavfsizligini ta’minlaganlar. 16 va 17-asrlarda Yevropaning qator shaharlari o’zlarini “erkin savdo shaharlari” deb e’lon qilganlar. Buyuk Amir Temur davrida Samarqand ana shunday erkin savdo markazi bo’lgan, mamlakatning barcha karvon yo’llari hokimiyat himoyasiga olingan. Erkin iqtisodiy zonalarning har xil turlari mavjud: erkin omborxonalar, erkin bojxonalar zonalari, ilmiy-texnika zonalari. Ular AQShda texnoparklar, Yaponiyada texnopolislar deb ataladi. Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar (asosan, eksportga ixtisoslashgan) ham mavjud. Dastlabki Erkin iqtisodiy zonalarlardan biri Irlandiyada “Shennon” aeroportida (1959) tashkil etilgan edi. Keyinroq shunday zona Angliyadagi “DogAylend” aeroportida paydo bo’ldi. Ba’zi Erkin iqtisodiy zonalarlar ancha yirik hududlarda tashkil etiladi. Masalan, Braziliyadagi Manaus, Xitoydagi maxsus iqtisodiy hudud “Shenjen” va boshqalar shunday zonalardir. Jahon amaliyotida Erkin iqtisodiy zonalarlar rivojlangan (Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya, AQSh va boshqalar), shuningdek, rivojlanayotgan (Braziliya, Koreya Respublikasi, Malayziya va boshqalar) mamlakatlarida ham tashkil etildi. Erkin iqtisodiy zonalarga chet el kapitalini jalb qilish Xitoy siyosatida ancha keng qo’llanildi. 20-asr oxirlarida Erkin iqtisodiy zonalarlar Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya va Polshada tashkil etildi. Rossiya va Xitoy hamkorligida tashkil etilgan Blyagovanichensk — Xeyxe, qora dengiz bo’yi, Kaliningrad viloyatidagi “Yantar” Erkin iqtisodiy zonalarlari ham shunday makonlardir. Hozir jahonda 600 dan ortiq Erkin iqtisodiy zonalar mavjud. O’zbekistonda Erkin iqtisodiy zonalar g’oyasi milliy iqtisodiyot taraqqiyoti uchun ijobiy baholandi. Shu bois 1996 yilning 25 aprelda mamlakat parlamenti O’zbekiston Respublikasining “Erkin iqtisodiy zonalar to’g’risida” qonunini qabul qildi. Bu qonun chet el investisiyalari, savdo va sanoat sohalarining rivojlanishi, aholini ish bilan ta’minlashni yaxshilash uchun qulay sharoit yaratishga me’yoriyhuquqiy asos yaratdi. Nurislom To’xliyev.