“ERKIN QARAQALPAQSTAN”

“ERKIN QARAQALPAQSTAN” (“Erkin Qoraqalpog’iston”) — Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi va Vazirlar Kengashining Markaziy nashri. Qoraqalpoq tilida haftada 3 marta chiqadi. Gazeta dastlab 1924 yil dekabrda “birinshi adim” (“birinchi kadam”) nomi bilan chop etilgan. Keyinchalik “Erkin Qaraqalpaqstan” (1928), “miynetkesh qaraqalpaq” (“mehnatkash qoraqalpoq”, 1928-32), “Kizil Qaraqalpakstan” (“Kizil Koraqalpog’iston”, 1932-57), “Sovet Karakalpakstani” (“Sovet Qoraqalpog’istoni”, 1957-92) nomlarida nashr etilgan. 1992 yildan hozirgi nomda. Gazetaga turli yillarda A. Qudabaev, Q. Ao’ezov, J. Qurbanov, S Majitov, K. Xudoybergenov, T. Qaipbergenov, E. Murtazaev, Q. Begjanov, Q. Yusupov va boshqalar jurnalist va yozuvchilar muharrirlik qilishgan. Gazeta o’z sahifalarida qoraqalpoq xalqining tafakkur tarzi, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy qarashlarini aks ettirishga harakat qiladi, respublika xalq xo’jaligining turli sohalariga oid etilgan muammolarni ko’tarib chiqadi. 1994 yilda “Erkin Qaraqalpaqstan”ning 70 yilligi nishonlandi. Unda gazeta o’tgan davrda Qoraqalpog’iston hayotining solnomasiga aylanganligi ta’kidlandi. Adadi 2553 (2002).