ERKINDARYO

ERKINDARYO — Qoraqalpog’istondagi Daryo. Uzunligi 105 kilometr. Dovudko’l suv omboridan 1 kilometr g’arbroqda, Amudaryodan boshlanadi va 30 kilometr davomida o’zanidan suv oqadi. Undan keyingi 4 km masofada quruq o’zan shaklida. Sug’oriladigan dalalardan yuza va yer osti yo’li bilan tashlama suvlarining kelib tushishi tufayli daryoning 34-42 kilometr qismida daryoda yana suv oqadi. Suvining sug’orishga sarflanishi, bug’lanishi va yertuproqqa shimilishi natijasida 42 kilometrdan quruq o’zan bo’lib qoladi. Boshlanishidan 12-30 kilometr masofada suvi, asosan, sug’orishga sarflanadi. Oqimining boshida suvchanligi Amudaryo suvchanligi bilan bog’liq bo’lib, 50 metr kub/sekundgacha yetishi mumkin.