ERMITAJ
ERMITAJ, Davlat Ermitaji — Sankt-Peterburgdagi badiiy va madaniy-tarixiy davlat muzeyi; jahondagi eng yirik muzeylardan. Ermitajga 1764 yil Yekaterina II tomonidan (Berlindan golland va flamand maktablari rassomlarining asarlarini olib keltirilishi asosida) asos solingan (1852 yilda tomoshabinlar uchun qisman ochilgan), bu asarlar qishki saroyning “Ermitaj” (Fransuzcha epsh1a§e — xolis joy) deb atalgan apartamentiga joylashtirilgan. Keyinchalik saroy uchun chet ellardan yirik shaxsiy to’plamlar (Bryul, 1769; Kroz, 1772; Uolpol, 1779 va boshqalar) sotib olina boshlangan. Qishki saroy kartinalar katalogida 2080 ta asar bo’lgan; shuningdek, gravyura, rasmlar to’plamlari, qadimiy davr yodgorliklari, G’arbiy Yevropa amaliy bezak san’ati, gliptika, tanga va medallar, kitoblar (Volter kutubxonasi) to’plana boshlagan. 19-asrdan arxeologik qazilmalarda ochilgan buyumlar, tasodifiy topilmalar (jumladan, mashhur skif to’plami) Ermitajni boyitib borgan. Ermitaj rus madaniyatining rivojlanishida muhim rol o’ynagan. Dastlab Ermitajga tomoshabinlar qo’yilishi cheklangan, ekskursiyalarga ruxsat berilmagan. 1917 yil oktyabr to’ntarishidan so’ng Strogonovlar, Yusupovlar, Shuvalovlar va boshqalar rus mesenat va boylarining musodara qilingan to’plamlari Ermitajga o’tkazilgan. Qishki saroy asta-sekin Ermitajga butunlay topshirilgan. 2-jahon urushi yillari Ermitaj to’plamining bir qismi evakuatsiya qilingan, lekin Ermitaj qamal paytida ham o’z faoliyatini to’xtatmagan. Ermitaj 8 bo’limdan iborat: ibtidoiy madaniyat, antik dunyo, Sharq xalqlari madaniyati (O’rta Osiyo, jumladan, O’zbekiston hududidan topilgan arxeologik yodgorliklar: Xorazmshohlar saroyi haykallari, Ayritom yodgorliklari va boshqalar saqlanadi), rus madaniyati tarixi, numizmatika, G’arbiy Yevropa san’ati (Leonardo da Vinchi, Rafael, Tisian, Jorjone, Velaskes, Rubens, Van Deyk, Xals, Rembrandt va boshqalar asarlari kartinalar galereyasi; Mikelanjelo, A. Gudon, O. Roden haykaltaroshlik asarlari; rasmlar, grafika asarlari, amaliy san’at yodgorliklari to’plamlari), ekskursiya va ma’ruzalar uyushtiradigan ilmiyma’rifiy, ta’mirlash (restavratsiya). Muzey ekspozitsiyasi 350 dan ortiq xonada namoyish etiladi, yiliga 3,5 mln. tomoshabin tashrif buyuradi. Ermitaj biri-biri bilan bog’langan 5 binoga joylashgan: qishki saroy (me’mor V.V.Rastrelli, 1754-62), Kichik Ermitaj (me’mor J.B.M.Vallendelamot, 1764— 67), Eski E. (me’mor yu.M.Felten, 1771-87), Ermitaj teatri (me’mor E. Kvarengi, 1783-87), Yangi Ermitaj (me’mori L.Fon Klentse, 1839-52). 1980 yil boshlarida Vasilev o.dagi sobiq Menshikov saroyi (18-asr) ta’mirlangandan so’ng Ermitajga berilgan. Ermitaj katta ilmiy tekshirish ishlarini olib boradi: badiiy asarlar sotib oladi, ilmiy anjumanlar uyushtiradi, arxeologik ekspedisiyalar tashkil qiladi, ilmiy asarlar, kataloglar, albomlar va Yo’lko’rsatkichlar nashr qiladi. Muzey faoliyatida doimiy va davriy ko’rgazmalar uyushtirish, chet el muzeylaridan uyushtiriladigan vaqtinchalik ko’rgazmalar muhim o’rin tutadi.