ERTAK

ERTAK — xalq og’zaki poetik ijodining asosiy janrlaridan biri; to’qima va uydirmaga asoslangan sehrli sarguzasht va maishiy xarakterdagi epik badiiy asar. Asosan, Nasr shaklida yaratilgan. M. Koshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” asarida yetuk shaklida uchraydi va biror voqeani og’zaki tarzda hikoya qilish ma’nosini bildiradi. Ertak Surxondaryo, Samarqand, Farg’ona o’zbeklari orasida matal, Buxoro atrofidagi tuman va qishloqlarda ushuk, Xorazmda varsaqi, Toshkent shahri va uning atrofida cho’pchak deb ataladi. Ertak hayot haqiqatining xayoliy va hayotiy uydirmalar asosida tasvirlanganligi, tilsim va sehr vositalariga asoslanishi, voqea va harakatlarning ajoyibg’aroyib holatlarda kechishi, qahramonlarning g’ayritabiiy jasorati bilan folklorning boshqa janrlaridan farq qiladi. Ertaklarda uydirma muhim mezon bo’lib, syujet voqealarining asosini tashkil etadi, syujet chizig’idagi dinamik harakatning konflikt echimini ta’minlaydi. Uydirmalarning turli xil namunalari ta’limiyestetik funktsiyani bajaradi, janr komponenti sifatida o’ziga xos badiiy tasvir vositasi bo’lib xizmat qiladi. Uydirmalar voqea va hodisalarni hayotda bo’lishi mumkin bo’lmagan yoki mavjud bo’lgan hodisalar tarzida tasvirlaydi. Xayoliy va hayotiy uydirmalarning ishtiroki, syujet chizig’ida tutgan o’rni va vazifasiga ko’ra, Ertakni 2 guruhga — xayoliy uydirmalar asos bo’lgan Ertak, hayotiy uydirmalar asos bo’lgan Ertaklarga bo’lish mumkin. Xayoliy uydirmalar asosidagi Ertak syujeti mo”jizali, sehrli; hayotiy uydirmalarga asoslangan Ertak syujeti esa hayotiy tarzda bo’lib, unda real voqea-hodisalar tasvirlanadi. Ertakda, asosan, uch maqsad hikoya qilinadi. Birinchisida ideal qahramonning jasorati, yovuz kuchlarga qarshi chiqib, xalq manfaatini himoya qilishi, ikkinchisida, asosan, bosh qahramonning o’zga yurt malikalariga yoki parizodlariga oshiq bo’lib uylanishi, kasalga dori topishi, ajdar va devlar olib qochgan kishilarni ozod qilishi, uchinchisida esa adolatsizlikka, zulmga qarshi chiqishi kabi maqsadlar bayon qilinadi. Birinchi maqsad pahlavonning faol harakati va g’ayritabiiy kuchqudrati bilan amalga oshsa, ikkinchi maqsad passiv qahramonga yordam beruvchi tilsim vositalari yordamida, uchinchi maqsad esa bosh qahramonning aql-idroki, tadbirkorligi bilan amalga oshadi. Ertak janri obrazlar talqini, g’oyaviy mazmuni va konflikti, syujet va kompozitsiyasi, uydirmalarning o’rni va vazifasi, tili va uslubiga ko’ra, shartli ravishda hayvonlar haqidagi Ertaklar, sehrli Ertaklar, maishiy Ertaklar, hajviy Ertaklarga bo’linadi. Hayvonlar haqidagi Ertaklarning bir turi majoziy Ertaklardir. Majoziy Ertaklarning (“Susanbil”, “bo’ri bilan tulki”, “tulkining taqsimoti”, “ikki boyqush” va boshqalar) syujeti asosida ko’chma ma’no, allegorik obrazlar yotadi. Masalan, laqmalik va qonxo’rlik bo’ri orqali, ayyorlik va tilyog’lamachilik tulki orqali ifodalangan. Sehrli Ertaklarda voqealar sehrjodu, fantastik uydirmalar asosiga qurilgan bo’ladi. Bularda pahlavonlik va qahramonlik madh etiladi (“yalmog’iz”, “Semurg'”, “Devbachcha”, “Kenja Botir” va boshqalar). “Quloqboy”, “Handalak polvon”, “uch yolg’onda qirq yolg’on” va boshqalar Ertaklar komik, ba’zilari hatto hajviy xarakterga ega. Masalan, “uch yolg’onda qirq yolg’on”da bosh qahramon xalq orasida Shuhrat topgan kal bo’lib, bu komik qahramonning “yolg’on to’qishi”dan zulm va jaholat, adolatsizlik kabi mavjud tuzumga xos illatlar qoralanadi, kishilardagi donishmandlik, tadbirkorlik kabi fazilatlar ulug’lanadi. Maishiy Ertaklarda ko’proq zulm va adolatsizlik qoralanadi (“uch og’aini botirlar”, “Oygul bilan Baxtiyor”, “Tohir va Zuhra”, “Farhod va Shirin”, “Zolim podsho” va boshqalar). Masalan, “Uch og’aini botirlar” ertagi odatdagidek ota nasihati bilan boshlanadi. Bunda ota kambag’al, lekin hayot tajribalariga boy bo’lgan shaxs, boshqa variantlarida esa shoh bo’lib, o’g’illari shahzodalardir. Botirlar obrazida axloq va odobning yuksak namunasi, odamiylik, donishmandlik, jasurlik kabi sifatlar ko’rinsa, shahzodalar qiyofasida molmulk to’plash yo’lida har qanday yomon niyatlardan qaytmaydigan yolg’onchi, johil kishilar obrazi gavdalangan. Ertaklar, asosan, didaktik vazifani bajaradi. Ertaklarning “ming bir kecha”, “Panchatantra” va boshqalar yaxshi namunalari, G.X. Andersen, V.Xauf, A.S.Pushkin kabilarning mumtoz adabiy Ertaklari jahon madaniyati xazinasiga kirgan. Komiljon Imomov.