ERUVCHANLIK
ERUVCHANLIK — modda.ning biror boshqa modda bilan 2 va undan ortiq komponentdan iborat termodinamik barqaror bir jinsli sistema hosil qilishi. Gazlarning suyuqliklar bilan, suyuqliklarning suyuqliklar bilan ta’sirlanishi natijasida shunday sistema hosil bo’ladi. Moddaning eruvchanligi o’sha moddaning ayni sharoitda hosil qilgan to’yingan eritmasining kontsentrasiyasi bilan o’lchanadi. Turli moddalarning ma’lum erituvchilarda eruvchanligi tashqi sharoitga, asosan, temperatura va bosimga bog’liq. Ko’pchilik suyuqlik va qattiq moddalarning eruvchanligi temperatura ortishi bilan, gazlarning eruvchanligi esa bosim ortishi bilan ortadi. Gazlarning suyuqliklarda eruvchanligi Genri qonuniga bo’ysunadi. Suyuqliklar bir-birida istalgan nisbatda (masalan, suv bilan spirt), bir-birida ma’lum chegaragacha erishi (masalan, suv bilan fenol) yoki bir-birida erimasligi mumkin (masalan, suv bilan simob). Moddalarning eruvchanligi tashqi sharoit o’zgarganda Le Shatele — Braun printsipi, ya’ni kimyoviy muvozanatning siljish printsipiga muvofiq o’zgaradi.