ESHONXO’JAYEV USMONXON
ESHONXO’JAYEV USMONXON (1899. 14.10, Andijon — 1938.4.10, Toshkent) — jurnalist, tarjimon va jamoat arbobi. Andijon rus-tuzem maktabi (1909— 13), yerlar gimnaziyasi va Moskvada Kommunistik universitet (1920), qizil professorlar instituti (1925— 30) da o’qigan. Turkiston ASSR maorif xalq komissari (1921-22). 1922 yil iyuldan u Turkiston Kompartiyasi MK matbuot sektori boshlig’i, tashviqot va targ’ibot bo’limi mudirining o’rinbosari va bo’lim mudiri, “Turkiston” va “qizil bayroq” hamda “inqilob” va “bilim o’chog’i” jurnallarining muharriri. Eshonxo’jayev keyinchalik SSSRning turli joylarida partiya ishlarida ishlagan. Eshonxo’jayev Qozon shahrida qamoqqa olinib (1937 yil 15 avgist), Toshkentga jo’natilgan. Unga Moskvadagi o’zbek talabalari o’rtasida sovetlarga qarshi millatchi yoshlar tashkilotini tuzganlik va rahbarlik qilganlik, Fayzulla Xo’jayev, Sultonbek Xo’jaev, Turor Risqulov, Abdulla Rahimbekov boshchiligida sovetlarga qarshi Birlashgan Markaz bilan aloqa bog’laganlik kabi ayblar qo’yilgan va otishga hukm qilingan (1938 yil 4 oktyabr). 1957 yilda oqlangan. Andijon viloyati o’qituvchilar malakasini oshirish instituti Eshonxo’jayev nomi bilan ataladi.