ESPERANTO
ESPERANTO — xalqaro sun’iy tillardan eng ko’p tarqalgani. 1887 yilda varshavalik vrach L.L.Zamengof tomonidan yaratilgan. Uning laqabi — “Esperanto” (Esperantoda ezregapgo — ishonuvchan demakdir) tilning nomiga aylangan. Esperanto dastlab Rossiya va Polshada tarqalgan, lekin 20-asr boshlariga kelib Frantsiya, Angliya va boshqalar mamlakatlarda ko’plab muxlislarga ega bo’lishi oqibatida esperantochilar harakati xalqaro darajaga ko’tariladi. Esperanto baynalmilal leksika (asosan, roman tillari, qisman german va slavyan tillari materiallari) asosida tuziladi. Cheklangan miqdordagi o’zaklardan tilning butun lug’at tarkibini ishlab chiqish imkonini beradigan so’z yasovchi affikslar muhim ahamiyatga ega. Esperanto grammatikasi tabiiy tillar grammatikasiga qaraganda sodda va qat’iy me’yorlashgan: unda so’z turkumlarini ifodalovchi 11 tagina variantlashmagan qo’shimcha mavujud. Boshqa ko’plab affikslar ham muayyan shakllarni ifodalash uchun “ixtisoslashgan”. Esperantoda urg’u, asosan, so’z oxiridan 2-bo’g’inga tushadi. Esperanto o’zining paydo bo’lgan davridan hozirgacha tadrijiy rivojlanib keldi: u dastlab slavyan tillari materiallariga asoslangan bo’lsa, keyinchalik bu tamoyil milliy ta’sirlardan holi bo’lgan xalqaro standartni ishlab chiqish bilan almashinadi; tildan foydalanishning yangi sohalari o’zlashtiriladi; turli funktsional (so’zlashuv, ilmiy, badiiy, publisistik) uslublar paydo bo’ldi; Esperantoning dastlabki asosiy lug’aviy boyligi va grammatik qurilishi aynan saqlanib qolgan holda, lug’aviy zaxira yangi o’zaklar (ko’proq ilmiytexnik terminlar) bilan boyib, 1887 yildagi 927 o’zak 1984 yil da 16 ming o’zakka yetadi. Esperanto fonetikasi, grammatikasi va so’z yasalishida ham, uning ko’p millatli muhitda qo’llanishi munosabati bilan bir qancha o’zgarishlar ro’y beradi: baynalmilal bo’lmagan tovushlar va tovush qo’shilmalari bartaraf etiladi, uzun so’zlar qisqartiriladi, ularning morfologik qurilishi soddalashtiriladi va boshqalar Esperantoda ko’plab original (jumladan, she’riy) adabiyot mavjud. Tarjima asosidagi badiiy adabiyot esa 50 dan ortiq tillardan tarjima qilingan antik va hozirgi adabiyotlar asarlaridan iborat (Sofokl, Ezop, Dante, Shekspir, Gyote, Pushkin, L.Tolstoy, Esenin, Mayakovskiy va boshqalarning asarlari); maxsus, ilmiytexnikaviy adabiyot ham bor. Esperanto, shuningdek, matbuot (140 ga yaqin davriy nashr) va radioeshittirishlarda (9 ta radiostantsiya eshittirishlari) ham qo’llanadi. Ko’plab mamlakatlar vakillarini o’z ichiga olgan xalqaro Esperanto akademiyasi (1908 yilda tashkil topgan) Esperantoni me’yorlashtirishning asosiy yo’nalishlarini belgilovchi hamda Esperantoga kiritiladigan yangi o’zaklarni tasdiqlovchi tashkilot hisoblanadi. Ad.: Problemm interlingvistiki, M., 1976; Isaev M.I., Yazmk esperanto, M., 1981; Semenova Z.V., Isaev M.I.,Uchebnik yaznka esperanto, M., 1984.