ETALON
ETALON (Fransuzcha — namuna) — biror narsaning ideal namunasi, o’lchovi yoki turi (tipi); fan va texnikaning muayyan taraqqiyot darajasida eng yuqori aniqlikka erishilgan o’lchov birliklarini qayta tiklash, saklash va tarqatish uchun xizmat qiladigan namuna o’lchovlar hamda o’lchash asboblari. Har qanday buyum yoki o’lchash natijasi Etalonga solishtiriladi. Etalon birlamchi, ikkilamchi, maxsus, davlat Etalonlari, Etalon guvoh, solishtirma Etalon, ishchi Etalon, Etalon nusxalarga bo’linadi. Birlamchi Etalon mamlakatda eng aniq (shu birlikdagi boshqa Etalonga nisbatan) birliklarni qayta tiklashni ta’minlaydi. Ikkilamchi Etalon qiymati birlamchi qiymat bo’yicha belgilanadi. Maxsus Etalon alohida sharoitlarda birliklarni qayta tiklashni ta’minlaydi va shu sharoitlar uchun birlamchi Etalon vazifasini o’taydi. Davlat Etalonlari mamlakat uchun dastlabki o’lchov birligi sifatida rasmiy tasdiqlangan birlamchi yoki maxsus Etalondan iborat. Etalon guvoh davlat Etalonining saqlanishini tekshirish va buzilgan yoki yo’qolgan taqdirda uni almashtirish uchun mo’ljallangan ikkilamchi Etalondan iborat. Solishtirma Etalon biror sababga ko’ra bir-biriga solishtirish mumkin bo’lmagan Etalonni solishtirish uchun mo’ljallangan ikkilamchi Etalon Ishchi Etalon birliklarning o’lchamlarini yuqori aniqlikda o’lchaidigan namuna vositalariga, ba’zan eng aniq ishchi o’lchash vositalariga o’tkazish uchun mo’ljallangan. Etalon nusxa birliklarning o’lchamlarini ishchi Etalonga o’tkazish uchun mo’ljallangan ikkilamchi Etalondan iborat. O’lchamlar va og’irliklar xalqaro byurosi tayyorlagan metr va kilogrammning platinairidiyli Etalonlari xalqaro va milliy Etalon hisoblanadi. Har bir mamlakatda, shu jumladan, O’zbekiston Respublikasida saqlanadigan metr, kilogramm, volt, om, sham va lyumen Etalonlari xalqaro Etalon bilan solishtirib turiladi. Ishlab chiqarilayotgan biror mahsulotni taqqoslash uchun namuna, o’lchov Etalonlardan foydalaniladi. Masalan, don namunasi, kanop tolalari namunasi va boshqalar O’zbekistonda Etalonlarni saqlash va ulardan foydalanish masalalari bilan “O’zstandart” agentligi shug’ullanadi.