ETIMOLOGIYA

ETIMOLOGIYA (Yunoncha— haqiqat; so’zning haqiqiy ma’nosi va …logiya) — 1) so’z va morfemalarning kelib chiqishini o’rganuvchi tilshunoslik bo’limi; 2) so’zning kelib chiqishini aniqlashga qaratilgan tadqiqot usullari majmui; 3) so’zning kelib chiqishi. 19-asr tilshunosligida “Etimologiya” termini “grammatika” ma’nosida ham qo’llangan. Tilshunoslik bo’limi hisoblangan Etimologiyaning asosiy vazifasi qadimiy manbalarni hamda til lug’at tarkibining shakllanish jarayonini va uning dastlabki, qadimiy holatini tiklashdan iborat. Har bir til leksikasida muayyan miqsordagi so’zlar borki, ularning shakli bilan ma’nosi o’rtasidagi bog’liqlik shu til egalari uchun tushunarsiz bo’lib qolgan, chunki so’zning tarixan o’zgara borishi uning dastlabki shakl va ma’nosini xiralashtirib qo’yadi, bunday so’z strukturasini tildagi mavjud yasalish qoliplari orqali izohlab bo’lmaydi. Etimologik tahlilning maqsadi muayyan so’zning qachon, qaysi tilda, qanday yasalish qolipi bo’yicha, qaysi til materiali asosida qanday shakl va ma’noda paydo bo’lganini aniqlashdir. Etimologik tahlilning asosiy metodi qiyosiy-tarixiy usul bo’lib, u fonetik qonuniyatlar, morfologik qoidalar, morfologik o’zgarishlarga tayanib ish ko’radi. Bunday tadqiqot natijalari til tizimi va strukturasidagi turli jarayonlarni hamda so’zlarning etimologik ma’nolarini aniqlashda, etimologik lug’atlar tuzishda ahamiyatlidir. Muayyan til uchun o’zlashma hisoblangan so’zlar Etimologiyasini aniqlash unchalik qiyin emas. Masalan, hozirgi o’zbek tilida qo’llanayotgan “daftar”, “piyola”, “qalam” kabi so’zlarning yunon tiliga mansubligi, o’sha tildagi (dastlabki) ma’nosini aniqlash uchun leksikografik izlanish — tegishli tillar (Arab, fors, yunon) lug’atlarini solishtirish kifoya qiladi. Biroq “juda qadimiy” ma’nosidagi “Daqyonus (Daqqiyunus)dan qolgan” iborasining Etimologiyasini aniqlash uchun din tarixidan, Qur’oni karimdagi “Kahf surasi”dan, Rim imperiyasi tarixidan xabardor bo’lish kerak. So’z Etimologiyasining ilmiy Etimologiya, soxta Etimologiya va xalq Etimologiyasi kabi turlari bor. Ilmiy etimologik tahlil til tarixiga, lahja va shevalarga murojaat qilish, faktlarni turli yo’llar bilan qiyoslash orqali yuzaga keladi. Masalan, pichoq so’zining “bi” (tig’) o’zagiga chak qo’shimchasini yoki “Bich” (kes, kesib tashla) fe’liga AK qo’shimchasini qo’shish orqali, “kuy” so’zining qadimiy turkiycha “KBG” (ko’p ma’noli so’z; bir ma’nosi — ashulada ovozning pastbalandligi) so’zining “ko’y”, “kuy” kabi shakl o’zgarishi va qisman ma’no o’zgarishi orqali paydo bo’lganligi ilmiy etimologik tahlillar bilan aniqlangan. Lisoniy birliklarni etimologik tahlil qilishda ular tarkibida tejamkorlik natijasida ro’y bergan o’zgarishlarga jiddiy e’tibor qaratiladi. Masalan, hozirgi kunda o’zbek tilida qo’llanayotgan, payt ma’nosini bildiruvchi tunovgi — tunovkun — tunovin so’zlari aslida 3 tarkibiy qismdan iborat bo’lib, “tun og’gan kun” shaklida qo’llangan; bir qancha shakl o’zgarishlaridan keyin mazkur qo’rinishlarga ega bo’lgan. Demak, “tunovin”, “tunovgi” so’zlari, mavjud lug’atlardagidek o’tgan kun, burnog’i kun, kechadan oldingi kun ma’nolarini emas, balki kecha, ya’ni tun og’gan kun (tun chappa bo’lgan kun) ma’nosini ifodalagan. Soxta Etimologiya eskirgan yoki o’zlashma so’zning morfologik tuzilishi va boshqalar xususiyatini noto’g’ri tushunish natijasida yuzaga keladigan izoh. Masalan, “meditsina” so’zini “madadi Sino” tarzida ajratib, Ibn Sino nomi bilan yoki “dorchin/dolchin” so’zini “haqiqiy dori” birikmasi bilan bog’lash soxta E. bo’lib, aslida lot. tesista — “vrachlik mahorati davolash” ma’nosini, forscha dorchin-dolchin esa “doruyi chin” — Xitoy dorisi ma’nosini bildiradi. Xalq Etimologiyasi muayyan so’z ma’nosini aniq faktlarga asoslanmagan holda, faqat tovush tomonining tasodifiy o’xshashligiga qarab, shuningdek, afsona va rivoyatlarga tayanib izohlashdan iborat. Tillardagi so’zlarning dastlabki kelib chiqish ma’nosi etimologik lug’atlarda beriladi. Entsiklopedik nashrlarda, jumladan, O’zbekiston milliy entsiklopediyasida, odatda, boshqa tildan o’tgan so’zlargagina Etimologiya ko’rsatiladi. O’zbek tilshunosligiga bag’ishlangan bir qator tadqiqotlarda va ayrim sohalar bo’yicha tuzilgan lug’atlarda etimologik izlanishlar mavjud bo’lsada, Etimologiya to’la ma’nodagi fan sohasi sifatida shakllanib etmagan. Professor Sh.Rahmatullayevning keyingi yillardagi tadqiqot va lug’atlari bu sohadagi dastlabki tajribalar hisoblanadi. L.E..Pizani V., Etimologiya, Per. sital., M., 1956; Sevortyan E.V., Etimologicheskiy slovar tyurkskix yazmkov, T., 1-4, M., 1974-84; Rahmatullaev Sh., O’zbektilining etimologik lug’ati, T., 2000. Nemat Mahkamov.