ETIMON

ETIMON (Yunoncha — haqiqat) — hozirgi tilda mavjud muayyan so’z yoki morfemaning kelib chiqishiga asos bo’lgan so’z, morfema yoki so’z birikmasi; so’zning dastlabki ma’nosi va shakli. Masalan, qattiq so’zining yuzaga kelish asosi qot (qotmoq fe’li) va (i)q affiksi bo’lgan. Yoki qishloq so’zi (aslida: qish+la+q) qishda yashaydigan joy ma’nosini bildirgan. Hozirgi bu ma’no kuchsizlanib, sezilmas holga kelgan; yap affiksi “yatip” (yotib) dan yuzaga kelgan. Etimonni aniqlash etimologik tadqiqotlarning asosiy maqsadidir. Etimon vazifasini bajargan so’zning shakli va ma’nosi ko’pincha turli omillar ta’sirida o’zgarib ketadi, bu hol uning asl ma’nosini aniqlashni qiyinlashtiradi. Masalan, qoplamoq (qopga solmoq), qovoq (“ko’zning ustini qoplab turadigan” ma’nosida), qovurg’a, qopqoq, qopqon kabi so’zlarning Etimoni “qoplab, berkitib turuvchi” ma’nosidagi “qoplamoq” fe’lidir. Leksemalarning Etimonini aniqlash bilan tilshunoslikning etimologiya bo’limi shug’ullanadi.