ETNIK BIRLIK

ETNIK BIRLIK, etnos — kishilarning ma’lum bir tarixiy davrda va ijtimoiy tuzumda tarkib topgan alohida barqaror etnik uyushmasi. Etnik birlik etnografik jihatdan “xalq” ma’nosini’ anglatsada, lekin unga nisbatan aniq tushunchadir. Etnik birlik muayyan sharoitda tabiiy tarixiy taraqqiyot jarayonda vujudga kelgan uyushmadir. Fanda Etnik birlik bosqichining 3 turi mavjud: qabila, elat va millat. Ketmaket almashib kelgan bu atamalar turli vaqtlarda vujudga kelgan bo’lib, ular o’z davriga xos xususiyatlari bilan bir-biridan farq qiladilar. Kishilar birlashuvining tabiiy negizi — hudud umumiyligi, shuningdek, ular tilining yaqinligi yoki umumiyligi Etnik birlikning vujudga kelishida asosiy shart hisoblanadi. Ko’pincha (masalan, Amerika qit’asida) millatlarning tarkib topishida etnik birlikning turli tillarga mansub komponentlari o’rtasida olib borilgan xo’jalik, madaniy va boshqalar sohalardagi aloqalarning rivojlanishi bilan til umumiyligi qaror topgan. Bu jarayonni boshqarishda har xil ijtimoiy-iqtisodiy omillar va tabiiy muhitning alohida xususiyatlari ta’sirida moddiy va ma’naviy madaniyat, turmush va psixologik umumiylikning Etnik birlik uchun xarakterli bo’lgan belgilari shakllanadi. Bu elementlar hudud va til bilan bir qatorda Etnik birlikning muhim belgilari hisoblanadi. Ba’zan Etnik birlikning shakllanishiga diniy mushtaraklik, shuningdek, irqiy jihatdan yaqinlik ham muhim ta’sir ko’rsatadi. Bunday yaqinlik Etnik birlikka kirgan va bir-biridan keskin farqlanadigan har xil irqiy komponentlar orasidagi metis guruhlarining hosil bo’lishida ham vujudga keladi (masalan, braziliyalik, kubalik). Shakllanib bo’lgan Etnik birlik yaxlit ijtimoiy organizm bo’lib, etnik jihatdan har xil bo’lgan nikohlar tufayli va nasldan naslga til, madaniyat, an’analar va boshqalarning o’tib borishi yo’li bilan barqaror tus oladi. Yanada barqarorlik bo’lishi uchun o’zining ijtimoiy-siyosiy hamda hududiy tashkilotini tuzishga harakat qiladi. Ammo vaqt o’tishi bilan Etnik birlikning ayrim qismlari hududiy jihatdan ajralib ketish, turmush va madaniyatning ko’p tomonlarini o’zlashtirish va boshqalar tilni qabul qilish holatlari ham uchraydi. Kishilik jamiyati ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ma’lum bir bosqichida qabilalar uyushmasi hisoblangan Etnik birlik ma’lum bir tarixiy sharoitda, hududiy, iqtisodiy, til va madaniy umumiylik asosida shakllanadi va yangi turi vujudga keladi. qadimiy davrlarda vujudga kelgan yangi Etnik birlikni ifodalash uchun “elat” atamasi qabul qilingan. Elat — Etnik birlik bosqichining qabila uyushmasidan keyingi turidir. Tarixiy taraqqiyot davomida esa Etnik birlikning keyingi turi — millat shakllana boradi.