EVEN TILI

EVEN TILI, lamut tili — tungusmanjur tillaridan biri; Rossiya Federatsiyasining Saxa Respublikasi, Magadan viloyati, Chukot va Koryak Muxtor okruglari, Kamchatka viloyati va Xabarov o’lkasida tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 17 ming kishidan ortiq (o’tgan asrning oxirlari). Even tili Sharqiy, g’arbiy va o’rta lahja guruhlariga bo’linadi. Ular orasida qadimiy belgilarni saqlab qolgan arman lahjasi alohida o’rin egallaydi. Bu belgilar ushbu lahjani evenk tili bilan yaqinlashtiradi va u ba’zi adabiyotlarda alohida tungusmanjur tili sifatida qayd etiladi. Sharqiy lahjaga mansub ol shevasi adabiy tilning asosi hisoblanadi. Yozuvi 1931 yildan lotin grafikasi asosida, 1936 yildan esa rus grafikasi asosida shakllangan.