EVENKLAR MUXTOR OKRUGI

EVENKLAR MUXTOR OKRUGI, Evenkiya — Rossiya Federatsiyasi Krasnoyarsk o’lkasi tarkibidagi Muxtor okrug. 1930 yil 10 dekabrda tashkil etilgan. Sharqiy Sibirda joylashgan. Maydoni 767,6 ming kilometr kvadrat. Aholisi 17,7 ming kishi (2002), asosan, evenk, ket va ruslar, shuningdek, Saxa, ukrain va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi 29,2%. 3 ma’muriy tumanga bo’lingan. Markazi — Tura shaharchasi. Tabiati. Evenklar muxtor okrugi O’rta Sibir yassitog’ligining Markaziy qismini egallaydi. Okrugning baland joyi — Putorana platosi (eng baland joyi — Kamen tog’i, 1701 metr). Okrugda Tunguska toshko’mir havzasining ko’p qismi; quyi Tunguska va Toshloq Tunguska atroflarida temir rudasi, rangli metallar, grafit, Islandiya shpati, neft, gaz konlari bor. Iqlimi keskin kontinental. Qishi davomli, sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi Vanavarada — 26,9°, turada — 36,8°. Iyulniki Turada 15,5°, Vanavarada 16,6°. Yillik yog’in 300-500 millimetr. Vegetatsiya davri shimolda 60 kun, Janubda 115 kun. To’ngib yotgan yer ko’p. Asosiy daryolari — Yeniseyning o’ng irmoqlari: Quyi va Toshloq Tunguska. Ko’l (shu jumladan, Essey, Vivi, Agata) ko’p. Tog’o’rmon podzollashgan tuproqlar tarqalgan. Hududining katta qismi tayga zonasida bo’lib, tilog’och, qoraqarag’ay, chekka shimolda siyrak o’rmonlar va yo’sinlishaynik kabi tundra o’simliklari o’sadi. Sobol, tiyin, qo’ng’ir ayiq, rosomaxa, burunduq, ondatra, latcha, tulki, bo’ri, oq tovushqon, shimol bug’usi, Los, karqur, qur, chil yashaydi. Miloddan avvalgi 2-ming yillikda evenklar hozirgi hududda o’rnashganlar. Ularning asosiy mashg’ulotlari ovchilik, bug’uchilik, baliq ovlash bo’lgan. 17-asrning 1-yarmida Evenklar muxtor okrugi hududini Rossiya egalladi. Shundan keyin yasoq solig’i joriy etildi, talonchilik siyosati oqibatida tub aholining asosiy qismi qirilib ketdi. 1930-32 yillarda geologlar topgan toshko’mir, Islandiya shpati, qurilish materiallari va tuz kabi foydali qazilma konlari asosida sanoat ishlab chiqarish vujudga keldi. Evenklar muxtor okrugi hududida Putorana, Tungus, Markaziy Sibir qo’riqxonalari bor. Evenklar muxtor okrugida oziq-ovqat, o’rmon, yog’ochsozlik, tsellyuloza-qog’oz, elektroenergetika, yoqilg’i, poligrafiya, mashinasozlik va metallsozlik, konchilik sanoatlari rivojlangan. Okrugning asosiy xo’jalik tarmoqlari — mo’ynachilik va bug’uchilik. Evenklar muxtor okrugi Krasnoyarsk o’lkasida tayyorlanadigan mo’ynaning 13% ni (sobol, kumushrangqora tulki, oq suvsar, tiyin, ondatra) beradi. Mo’yna tayyorlashning 55% ni ov mahsulotlari, 45% ni darrandachilik tashkil qiladi. Darrandachilik fermalarida qora to’lki va ko’k tulki boqiladi. Krasnoyarsk o’lkasidagi bug’uyushg U3 qismiga yaqini Evenklar muxtor okrugi hissasiga to’g’ri keladi. Konchilik rayonlarida bug’u yaylovlari degradatsiyaga uchragan. Tabiiy sharoiti aholi yashashi uchun ancha noqulay. Sut chorvachiligi va dehqonchilik (kartoshka, sabzavot), baliq ovlash rivojlangan. Quyi Tunguska va Toshloq Tunguska daryolarida kema qatnaydi. Aviatransport rivojlangan. Qattiq qoplamali avtomobil yo’llari uzunligi 117 kilometr. Bug’u transporti katta ahamiyatga ega. Okrug o’lkashunoslik muzeyi, teatr faoliyat ko’rsatadi.