EXINOKOKKOZ

EXINOKOKKOZ odam va hayvonlarda uchraydigan invazion kasallik. Exinokokklar qo’zg’atadi (tasmasimon gelmint). Exinokokkoz qadimdan ma’lum. Gippokrat asarlarqda ham jigar Exinokokkoziga oid ilk ma’lumotlar bor, lekin u “jigar yallig’lanishi” deb yuritilgan. Keyinchalik Exinokokkoz qo’zg’atuvchisi parazitar tabiatga ega ekanligi aniqlandi. Exinokokkoz ancha keng tarqalgan kasallik. Odamga it, tulki, bo’ri, mushukdan, gelmIn-t tuxumi tushgan oziq-ovqat va suv orqali o’tadi. Bundan tashqari, exinokokk tuxumi bilan ifloslangan qo’ylar yungini olganda ham yuqishi mumkin. Qo’ylar exinokokk tuxumini itlar axlati tushgan o’tlarga yotganida ilashtiradi. Exinokokkoz odamdan odamga bevosita yuqmaydi. Chorva mollari va boshqalar hayvonlarga Exinokokkoz bilan og’rigan it axlati tushib ifloslangan o’t, yem-xashak va suv orqali yuqadi. Exinokokkozni itlar so’yilgan kasal hayvon a’zolarini eganida yuqtiradi. GelmIn-t it ichagida bir necha kun davomida voyaga yetgach, tuxumga to’la bo’g’imi uzilib, itning axlati bilan tashqariga chiqadi. Bo’g’im tashqi muhitdagi o’simlik, pichan yoki suvga o’rmalab tushib, tuxum tashlaydi. Exinokokk tuxumi odam, uy hayvonlari ichagidan qonga o’tadi; qon bilan jigar, o’pka, bosh miya va boshqalar a’zolarga borib, u yerda exinokokk pufakchasi — kistaga aylanadi. Agar kista ko’p xonali (kamerali) bo’lsa, uni alveokokkoz deyiladi. Kistalar kattalashib, atrofdagi to’qimani siqib qo’yadi, natijada a’zo atrofiyat uchrab, faoliyati buziladi, agar u yorilsa, ichidagi suyuqlig’ining so’rilishi butun organizmning zaharlanishi, allergiyaga olib keladi, ularning yorilishi esa hayot uchun xavfli. Odamlarda qaysi a’zo zararlanganiga ko’ra kasallik belgilari turlicha bo’ladi. Jigar Exinokokkozida bemor-ning darmoni qurib, o’ng qovurg’a ostida og’riq seziladi, jigar og’ir tortib, kattalashadi, sariqlik kuzatiladi; o’pka Exinokokkozida esa ko’krak og’rib, bemor yo’taladi, nafasi qisib, qon tupurishi ham mumkin; miya Exinokokkozida bosh og’riydi, aylanadi, harakatlanish va sezish faoliyati buziladi. Exinokokkozga xos belgilar paydo bo’lganda, albatta, vrachga murojaat qilish lozim. Kasallikning oldini olish uchun uy hayvonlarini to’g’ri parvarish qilish, ularni vaqtida veterinariya nazoratidan o’tkazib turish, shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilish (it bilan o’ynagandan yoki uni parvarish qilgandan so’ng qo’lni yuvish, sabzavotlarni iste’mol qilishdan oldin tozalab yuvib, so’ngra qaynagan suv bilan chayish), bolalarning ko’chadagi daydi itlar bilan o’ynashiga yo’l qo’ymaslik kerak. Davo kasallangan a’zo va kasallik belgilariga qarab olib boriladi.