FAKTORING

FAKTORING (inglizcha factor — agent, vositachi) — kichik va o’rta firma (mijoz)larga tijorat banklari va ularning sho”ba faktorfirmalari tomonidan ko’rsatiladigan moliyaviy xizmatlar turi. 16-17-asrlarda savdo vositachilari tomonidan amaliyotga kiritilgan, keyinchalik mijozga aylanma kapital uchun kredit berishning bir turiga aylandi. Faktoringda faktorfirma mijoz (tovar yetkazib beruvchi)lardan qarzdorlarning qisqa muddatli karzlarini undirish huquqini sotib oladi va firmalarning qarzlarini (majburiyatlarini) mijozga to’laydi, ya’ni qarzni qaytarish muddatidan oldin uning 70-90%ni mijozga qaytaradi, qarzning qolgan qismi, foizlar chegirilgan holda qarzdorlar faktorfirma oldidagi o’z qarzini batamom uzganidan keyin qaytariladi. Faktoringda mijoz o’zining qarzdorlaridan qarzni undirish huquqini faktorfirmaga o’tkazadi. Ayniqsa, G’arb davlatlarining iqtisodiy amaliyotida keng qo’llaniladi. Faktoring bo’yicha kreditlar muddati 90-120 kun atrofida, kredit foizlari rasmiy bank stavkasidan yuqori turadi.