FAMILIYA

FAMILIYA (lotincha familia — oila) — 1) qadimgi Rimda qon-qarindoshlar bilan birga qullarni ham o’z ichiga olgan oilaning xo’jalik-huquqiy munosabatlarini o’zida mujassamlashtirgan nomi; 2) bola tug’ilganda, farzandlikka olinganda, oldingi Familiya o’zgartirilganda, nikohdan o’tganda qabul qilinadigan va nasldan naslga o’tadigan oilaviy nom. Odatda, shaxs otlariga qo’shilib kelib, shu shaxsning naslini bildiradi. Ilk Familiyalar shaxs tug’ilgan yoki uning “nasliy merosi” joylashgan joy nomiga nisbatan berish orqali yasalgan. G’arbiy Yevropada Familiya qo’llash 15-asrdan odat tusiga kirdi va, asosan, yuqori tabaqa orasida tarqaldi. O’zbeklarda o’tmishda hozirgi ma’nodagi Familiya bo’lgan emas. Lekin Familiya va otaning nomini bildirish uchun qo’llangan vositalar qadimdan mavjud edi. 6-7-asrlardan ota ismidan keyin “o’g’li”, “qizi” so’zlarini keltirish orqali (masalan, Bayna Sangnun o’g’li), keyinroq ayni vaqtda arablar ta’sirida “ibn” (o’g’li) (masalan, Ahmad ibn Muhammad), “bint” (qizi) kabi Arabcha so’zlar yordamida nomlashlar bo’lgan. 20-asrning 20-30-yillarida o’zbeklarning Familiyalari, asosan, Ahmad Fozil o’g’li, Xakima Fozil qizi tarzida yuritilgan. Shuningdek, bu davrda ziyolilar orasida qisman “Zoda” (Hamza Hakimzoda, Turg’un Sharifzoda), “iy”, “viy”, “iya”, “viya” (Abdulla Qodiriy, Abdulla Alaviy, Mirzakalon Ismoiliy, Muzayyana Alaviya) qo’shimchalari orqali ismf., taxalluslar yasash ham odat bo’lgan; ba’zida qo’shimchalarsiz ham quyidagi shaklda atalgan: parda Tursun, Sulton Jo’ra, Ilyos Muslim. 30-yillarning o’rtasi va 40-yillardan ov, (ova), eV (Eva) qo’shimchalari yordamida hosil qilingan Familiyalar o’zbeklarda muayyan tartibga aylanib, keyinroq qat’iy qoida qilib olindi. Mustaqillik davrigacha Familiya yasashning shundan boshqa barcha milliy-mahalliy shakllarini rasmiy ravishda yozish man qilingan edi. Bu qoidaga fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish idoralari, pasport bo’limlarida qat’iy amal qilib kelindi. Mustaqillik kishilarga Familiya va ota ismini, ularning shaklini erkin tanlash huquqini ham berdi. O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga ko’ra, har bir fuqaro o’z Familiyasiga ega bo’lishi zarur. Bunday zaruriyat fuqaroni jamiyatning boshqa a’zolaridan ajratib turishda, unga tegishli huquq va majburiyatlarni belgilashda va uni huquq sub’yekti sifatida tan olishda muhim ahamiyatga ega. Fuqaroning Familiyasi u tug’ilgan paytda tug’ilganlik holatini qayd etish guvohnomasida rasmiylashtiriladi va ota yoki ona tomonidan yoki ularning kelishuviga ko’ra tanlanadi. O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 69-moddasiga muvofiq, bola ism, ota ism va Familiya olish huquqiga ega. Fuqaroning Familiyasi uning hayoti davomida o’zgartirilishi ham mumkin. Bola 10 yoshga to’lguncha uning Familiyasi ota-ona tomonidan bolaning roziligi bilan o’zgartirilsa, 16 yoshga to’lgan fuqaro ota-onasining roziligi bilan o’z Familiyasini o’zgartiradi. 18 yoshga to’lgan fuqaro esa, to’la muomala layoqatiga ega bo’lgach, hech kimning roziligisiz Familiyasini o’zgartirishga haqli. Nikohdan o’tish paytida er yoki xotin o’z Familiyasini o’zgartirishi mumkin. Familiya o’zgartirilayotganda qonun hujjatlarida ko’zda tutilgan talablarga amal qilish zarur. Fuqaroning Familiyasi uning shaxsiy nomulkiy huquqi bo’lib fuqarolik va oila qonunchiligi tomonidan muhofaza etiladi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 aprel 171-sonli qarori bilan tasdiqlangan “fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish” qoidalarida Familiyani belgilash va o’zgartirish tartibi belgilangan. Ad.: Begmatov E.A., O’zbek ismlari, T., 1998.