FAN
FAN — dunyo haqidagi bilimlar sistemasi, ijtimoiy ong shakllaridan biri. U yangi bilimlarni egallash bilan bog’liq faoliyatni ham, bu faoliyatning mahsuli — olamning ilmiy manzarasi asosini tashkil etuvchi bilimlarni ham o’z ichiga oladi; inson bilimlarining ayrim sohalarini ifodalaydi. Fanning bevosita maqsadi o’zining o’rganish predmeti hisoblangan voqelikning qonunlarini kashf etish asosida shu voqelikning jarayon va hodisalarini ta’riflash, tushuntirish, oldindan aytib berishdir. Fanning ilk kurtaklari kishilik jamiyatining paydo bo’lishi bilan bog’liq holda maydonga kelgan. Dastlabki bilimlar amaliy xarakterga ega bo’lgan. Tafakkur sistemasining kurtaklari mifologiya sifatida qadimgi Sharq va Yunonistonda paydo bo’la boshlagan. Mifologiya Fanga o’tish bo’sag’asida ma’lum bosqich vazifasini bajargan. Rivojlanish davom etishi bilan mifologiya o’rnini naturfalsafa egalladi. Avestoyaa mifologiya va fan unsurlari bor edi. Zenon, Demokrit, Aristotel va boshqa qadimgi zamon mutafakkirlari tabiat, jamiyat va tafakkurni goho birgalikda, goho ayrimayrim ravishda bayon etishga urina boshladilar. Dunyoni bir butun, deb ifodalovchi tushunchalar, isbotlash usuli paydo bo’ldi. Ellinizm davrida Evklid, Arximed, Ptolemey tomonidan geometriya, mexanika, astronomiya sohasida dastlabki nazariy sistemalar yaratildi. O’rta asrda Sharq olimlari Fanga ulkan hissa qo’shdilar. Ular qadimgi fan yutuqlarini, ilmiy asarlarni saqlash, tarjima qilish va ularni tarqatish masalasiga katta e’tibor berdilar. Ayni vaqtda Fanni yangi yutuqlar bilan boyitdilar, yangi kashfiyotlar qildilar. O’rta Osiyoning buyuk olimlari ilm-fanning yangi tarmoqlarini yaratdilar va yangi qonun-qoidalarni kashf etdilar. Muhammad al-Xorazmiy tenglamalar haqidagi Fan sifatida algebra va to’ng’ich algoritmparni yaratdi, astronomiya sohasidagi bilimlarni algoritmik usulda ifodalab berdi. Axmad al Farg’oniy astronomiyaga sistema tarzini berdi, matematik geografiya va geodeziyaga oid stereografik proektsiyalar nazariyasini yaratdi. Hamid Xo’jandiy (10-asr) kub tenglamalar nazariyasini chuqurlashtirdi. Mahmud Koshg’ariy o’z davrining qomusi bo’lgan “Devonu lug’otit turk”ni yozdi. Abu Rayhon Beruniy geodeziya, mineralogiya, farmakognoziyani yaratdi. Abu Ali Ibn Sino tabobatning ilmiy zaminini qo’ydi (11-asr) Ulug’bek, G’iyosiddin Koshiy, Ali Kushchi sonlar nazariyasiga muhim hissa qo’shdilar va kuzatish astronomiyasini yuqori pog’onaga ko’tardilar (15-asr). Yevropada Uyg’onish davri arafasida, 12- asr boshlaridan al-Xorazmiy, Ibn Sino, al-Kindiy, Ibn Rushd va boshqalarning asarlari lotin tiliga tarjima qilina boshladi. Leonardo da Vinchi, R.Bekon, T.Gobbs, N.Kopernik, J. Bruno, G.Galiley, I.Kepler, R.Dekart kabi olimlar tabiat haqidagi Fanlarni rivojlantirdilar. Astrologiya o’rnini astronomiya, alkimyo o’rnini kimyo egalladi. Yangi davr deb ataluvchi zamonda Fanning ijtimoiy roli yanada oshdi. U madaniyatning muhim tarmog’i va texnikaning nazariy asosiga aylana boshladi. 16-17-asrlarda klassik fizikaning poydevori qurildi. Fanning nazariya darajasiga ko’tarilganligi tafakkurning induktiv va deduktiv rivojlanishiga yo’l ochib berdi. Mavjud ilmiy faktlar I.Nyuton tomonidan dinamikaning asosiy qonuni sifatida ta’riflandi. Bu umumlashtirilgan qonundan 16-19-asrlarda xususiy qonuniyatlar kashf etildi. Lagranj, Eyler, Gauss va boshqalar ijodi mexanikani moddiy nuqtalar sistemasi tarzida shakllanishiga olib keldi. Mexanika Fani shu darajada mantiqiy rivojlandiki, har xil soha olimlari unga havas qila boshladilar va uning isbotlangan qonuniyatlaridan boshqa sohalarda ham foydalanish harakatiga tushdilar. Sanoatda tub o’zgarishlar yuz berishi (18-asr oxiri) tufayli Fanning taraqqiyotida yangi bosqich boshlandi. 19-asrda fizikada yangi Fanlar (termodinamika, klassik elektrodinamika) paydo bo’ldi, biologiyada evolyutsion ta’limot va hujayra nazariyasi vujudga keldi, energiyaning saqlanish va o’zgarish qonuni shakllandi, astronomiya va matematikada yangi kontsepsiyalar rivojlandi (J.Maksvell, M. Faradey, J. Lamark, Ch.Darvin, T.Shvann, M.Shleyden va boshqalar). Geometriya sohasida inqilobiy ta’limot yaratildi: asrlar davomida hukm surib kelgan Evklid geometriyasi yagona emasligi, balki noevklid geometriyalar ham borligi N.Lobachevskiy tomonidan bayon etildi va keyinchalik isbotlandi. Dm.Mendeleyevning davriy sistemasi xar xil kimyoviy elementlar orasidagi ichki boglanishni ifodaladi. Matematika va fizikada 20-asrda ham katta yutuqlar qo’lga kiritildi, texnika Fanlarida radiotexnika, elektronika kabi sohalar paydo bo’ldi. Fan va texnikaning yanada rivojlanishiga ta’siri borgan sari ortib borayotgan kibernetika vujudga keldi. Fizika va kimyo Fanlaridagi muvaffaqiyatlar hujayralardagi biologik jarayonlarni yanada chuqurroqo’rganishga imkon berdi, bu hol qishloq xo’jaligi va tibbiyot Fanlarining rivojlanishiga olib keldi. Fanning ishlab chiqarish bilan yaqin hamkorligi yuz berib, uning ijtimoiy xayot bilan aloqalari mustahkamlana boshladi. Hozirgi Fanlar fan-texnika inqilobinnng muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Fan tizimi umuman quyidagi katta guruhlarga bo’linadi: tabiiy Fanlar, gumanitar Fanlar, texnika Fanlari va ijtimoiy Fanlar. Bu guruhlarning har qaysisidan juda ko’p mustaqil Fan sohalari ajraladi. Mustaqil Fanlar bir-biriga bog’liq sohalarda ilmiy izlanishning yirik va istiqbolli muammolarini echishga to’g’ri keladi, bu hol hozirgi paytda fanlararo va kompleks tadqiqotlarni keng avj oldirishni taqozo etadi. Tabiatni muhofaza qilish muammosi bunga yaqqol misol bo’la oladi. Bu muammo texnika Fanlari, yer to’grisidagi Fanlar, biologiya, matematika, tibbiyot, iqtisodiyot va boshqalar bilan qo’shilib ketgan. Bu xildagi ilmiy va ilmiy-texnik muammolarni hal qilish uchun hozirgi fanlarda tadqiqotlarni dasturiy maqsadli tashkil etish metodi keng qo’llaniladi. Ilmiy tadqiqotlarni 2 ga: fundamental va amaliy tadqiqotlarga ajratish qabul qilingan. Tabiat, jamiyat, tafakkurga xos qonunlarni bilib olish fundamental tadqiqotlarning, bu tadqiqotlar natijalarini bilim orttirish va ijtimoiy-amaliy muammolarni hal qilish uchun qo’llash amaliy tadqiqotlarning vazifasidir. Fundamental tadqiqotlar, odatda, amaliy tadqiqotlardan oldinda boradi va ular uchun nazariy asos yaratadi. Fundamental va amaliy tadqiqotlar o’rtasidagi o’zaro bog’liqlikni mustahkamlash, ilmiy yutuqlar natijalarini amaliyotga tezroq joriy etish — hozirgi davr Fani uchun muhim vazifalardan biridir. Hozirgi davrda Fan jamiyat taraqqiyotini olg’a siljituvchi kuch va vosita bo’lib qolayotganligini kuzatish mumkin. Xalq va millat dunyoqarashini shakllantirish, ta’limtarbiya, axloq normalarini vujudga keltirish, ma’naviy barkamol insonni tarbiyalashda Fan alohida o’rin tutmoqda. Mustaqillik sharoiti O’zbekistonda Fanning rivojiga katta ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Avvalo, Fanimiz strukturasi keskin o’zgardi: ma’naviy Fanlar hisoblanuvchi tasavvuf ilmi tiklandi, hadis bilimlariga yo’l ochildi, binobarin, ziyolilarimiz, talabalarning ruhiy dunyosi ancha boyidi, yangi oliy o’quv yurtlari, universitetlar tashkil qilindi; ilm ahli chet eldagi olimlar bilan mustahkam ijodiy aloqalar o’rnatdi. Buning natijasida tabiat va texnika-texnologiya haqidagi Fanlarimiz ham jahon andozasi darajasiga ko’tarila boshladi. Olimlarimiz ilmfanning dolzarb sohalarida tadqiqotlar olib borishga kirishdilar. Tabiiy va ijtimoiy jarayonlarni matematik modellash, informatika va hisoblash texnikasi qamda ehtimollar nazariyasi sohasidagi, geologik jarayonlarning qonuniyatlarni, molekulyargenetik, genhujayra sohasidagi, tibbiyot, qishloq xo’jaligi, paxta selektsiyachiligidagi, moddalarning kompleks fizikaviy-kimyoviy xossalarini o’rganish bilan bog’liq, energiyaning noan’anaviy turlarini yaratish — Quyosh energiyasini kompleks va samarali suratda boshqa turdagi energiyaga aylantirish borasidagi tadqiqotlar ana shular jumlasidandir. Omonulla Fayzullayev.