FARA

FARA (Fransuzcha phare — mayoq, mayoq chirog’i) — transport vositasi (avtomobil, traktor va boshqalar) hamda o’ziyurar mashinalarning yo’lni, ish bajarilayotgan joy va boshqalarni yoritish uchun mo’ljallangan elektr asbobi. Asosiy qismlari — shtamplab yasalgan korpus va optik elementlar. Optik element yupqa alyuminiy qatlami surkalgan po’lat qaytargich, bir yoki ikki tolali cho’g’lanma lampadan iborat yoritish manbai va yorug’likni sochib beradigan g’adirbudir shishadan iborat. Yorug’lik qaytargich fokusida joylashgan quvvatliroq toladan tarqaladigan nur uzoqni yoritadi, kichikroq quvvatli ikkinchi tola fokusdan yuqoriroqda chap tomonda joylashgan bo’lib, yaqinni yoritish uchun mo’ljallanadi. Yod lampali Faralar keng tarqalgan. Bunday lampalarning kolbasiga yod bug’lari bo’lgan siyraklashtirilgan gaz to’ldiriladi. Har bir transport vositasiga kamida bir juft Fara o’rnatiladi. Ular mashinaning bo’ylama o’qiga nisbatan simmetrik tarzda joylashtiriladi. Ba’zi mashinalarda tumanga qarshi ikkita qo’shimcha Fara ham o’rnatilishi mumkin. Maxsus mashinalar (o’t o’chirish mashinalari, sanitariya mashinalari va boshqalar) ga buriladigan Faralar ham o’rnatiladi. Ba’zan Fara mashina orqasiga ham o’rnatiladi (masalan, traktorlarda tirkamani yoki plugni yoritish uchun shunday qilinadi).