“FARG’ONA HAQIQATI”

“FARG’ONA HAQIQATI” – Farg’ona viloyati hokimligining ijtimoiy-siyosiy gazetasi. 1917 yil oktabrdan Qo’qon shaqrida “el bayrog’i” nomi bilan nashr etila boshlagan. Keyinchalik “Mehnat bayrog’i” (1918 — 22), “Farg’ona” (1922-26), “Yangi Farg’ona” (1926— 32), “Kommuna” (1932-90), “Oltin vodiy” (1991-93) nomlari bilan chiqqan; 1993 yil noyabrdan hozirgi nomda. O’z vaqtida gazetasining faoliyat ko’rsatishiga Akmal Ikromov, Nazir To’raqulov singari respublika arboblari yaqindan yordam berishgan. Gazetaning ommalashib borishida Hamza Hakimzoda Niyoziy, So’fizoda, Abdulla Qodiriy, Sobir Abdulla, Abdulla Qahhor, Usmon Nosir, Sharif Rizo, Naim Sayd, Sharif Murtazin, To’lagan Soatov, Muhiddin Xayrullaev, Hasan Izzatiy kabi yozuvchi va jurnalistlarning xizmati katta bo’lgan. Keyinchalik ularning ishini A.Mirzaev, A.Hamdam, J.Mashrabiy, Sh.Toshmatov, Yu.Karimov, H.Qodirov, A. Qambarov, A.Olim, V.Muzaffarov kabi jurnalistlar davom ettirgan. Oxunjon Hakimov, Muhammadjon Xayrullaev, Abdukarim Nabixo’jaev, Yo’ldosh Sulaymon, Malika Mirzaeva, San’at Mahmudova, Abdujabbor Husanov, Komil Jo’ra, Alisher Ibodinov, Muhabbat Ibrohimova, Abdujalil Bobojonov, Mahfuza Usmonovalarning gazeta ijodkorlarining 3-avlodi deyish mumkin. Gazetaga turli yillarda B. Soliev, A. Zohiriy, Q. Sorokin, M.Miroqilov, Naim Sayd, Lutfulla Olimiy, Akmal Po’lat, Ahmad Yodgorov, Abdulla Mirzaev, Adxam Hamdam, Doniyor Ergashev, Ahmadali Xo’jaevlar muharrirlik qilishgan. 1993 yil noyabrdan “Farg’ona Haqiqati” va “Ferganskaya Pravda” gazetalarining taxririyatlari birlashtirilgan. “Farg’ona Haqiqati” va “Ferganskaya Pravda” gazetalari viloyat aholisining respublika, viloyat va dunyo miqyosida ro’y berayotgan yangiliklardan, buiyodkorlik ishlaridan xabardor etish va ularni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga, islohotlarni chuqurlashtirish, xalq farovonligi va turmush darajasini oshirish, tinchtotuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash ishlariga jalb qilishga munosib hissa qo’shib kelmoqda. Ayni paytda gazeta haftasiga 2 marta 8 sahifada 7 ming nusxada chop etilmoqda. Bosh muharriri: Fotih Azimov (2002 yil sentabrdan). Abdujalil Bobojonov.