FARG’ONA POLITEXNIKA INSTITUTI

FARG’ONA POLITEXNIKA INSTITUTI — xalq xo’jaligi uchun malakali muhandislar, iqtisodchilar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. Toshkent politexnika instituti umumtexnika Fakulteti negizida 1967 yilda tashkil qilingan. Institutda 6 ta fakultet: qurilish, mexanika, energetika va axborot texnologiyalari, muhandislikiqtisod, kimyotexnologiya va sirtqi bo’lim hamda asbobsozlik markazi bor. Unda 33 ta kafedra, 15 ta ilmiy tadqiqot laboratoriyasi faoliyat ko’rsatadi. Int qoshida internat-litseyi, “Yormozor” akademik litseyi, iqtisodiy mintaqaviy markazi, tayyorlov kurslari mavjud. Institutda 20 yo’nalish bo’yicha bakalavrlar, 12 yo’nalish bo’yicha magistrlar tayyorlanadi. Kutubxonasida 200 mingdan ortiq asar saqlanadi. 2002/03 o’quv yili intda 5000 ga yaqin talaba o’qidi, 394 o’qituvchi, shu jumladan, 24 fan doktori va professor ishladi. Institut tashkil qilinganidan beri 30 mingdan ortiq mutaxassis tayyorlangan. Institutda 4 yo’nalish bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi. Institutda yaratilgan fan va texnika yangiliklari Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi, “azot” ishlab chiqarish birlashmasi, “Quvasoytsement” AJ, “kvars” AJ va boshqa korxonalarda tatbiq etilgan. Institut qoshida madaniyat saroyi, talabalar uyi, profilaktoriy, dam olish maskanlari, sport inshootlari bor. Institut Rossiya, Ukraina, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston oliy o’quv yurtlari, AQSh, Angliya, Germaniya, Belgiya, Koreya, Hindiston o’quv yurtlari va ilmiy markazlari, ko’pgina xalqaro jamg’armalar va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Institut faoliyati M.A. Ikromov, N.Yuldoshev, A.Mirzaev, N.M.Oripov, R.J.Tojiev, I.To’xtarov va boshqa olimlar nomi bilan bog’liq.