FARG’ONA RAQSI

FARG’ONA RAQSI — o’zbek xalq raqs uslubi. Farg’ona vodiysida shakllanib, rivojlanib kelgan. Qaddiqomatni erkin tutish, yengil va ifodali yurishlar, ko’p qirrali, puxta ishlangan va aniq ma’nolarga ega bo’lgan qo’l, bilak, barmoq harakatlari, nigohlar, nafis bosh harakatlari Farg’ona raqsining asosini tashkil etadi. Erkaklar raqslarida mardonavor xarakatlar, aylanishlar, ayollar raqslarida jilvalar etakchilik qilgan. Shuningdek, Farg’ona raqsida uforlar (usulharakatlar) ning ahamiyati katta. Asosan, shaharlarda yashovchi, raqs san’atini kasb qilib olgan malakali raqqos va raqqosalar Farg’ona raqsida yetakchi mavqega ega bo’lib, raqs merosini, ijro uslubini, o’z tajribalarini shogirdlariga o’rgatish orqali raqs san’ati an’analarining davomiyligini ta’minlaganlar. Farg’ona raqsi, asosan, maydonlarga mo’ljallangan “katta o’yin” va mehmonxonalar va hovlilarda ijro etiladigan “mayda o’yin” turkum raqslaridan tashkil topgan. “Katta o’yin”da raqs vositalari bilan syujetli voqealar aks ettirilgan, 280 usulni o’z ichiga olgan. Muayyan raqs shakli va harakatlarini hosil qiluvchi rez, titratma, shox, gul o’yin, yo’rg’a, sarbozi, charx, haqqoni, orom, jilvoni, saxta, duchoba, rog, katta samo, Yallama, qaytarma, dupoya (oqsatma), olmaanor kabi bizgacha etib kelgan usullar shu jumladandir. Usullar, asosan, doiralarda (ba’zan nog’oralar qo’shilgan) chertilgan va shunga mos raqslar goh bir kishi, goh guruh o’yinchilar tomonidan bajarilgan. “Mayda o’yin” esa Yalla va laparlar jurligida ijro etiladigan lirik raqslar, kulgilitaqlidiy raqslardan tashkil topgan bulib, doira, dutor jurligida havaskor va professional uyinchilar tomonidan ijro etilgan. Farg’ona raqsida yallachi degan ayol ijrochilarning raqslari (jumladan, “Tanavor” raqs turkumi), shuningdek, uyg’ur raqsi ta’sirida vujudga kelgan “Andijon samosi” (19-asr oxirida “Andijon polkasi” nomini olgan) yigitlar raqsi alohida ajralib turadi, raqs ustalarining liboslari raqslar mazmunini kuchaytirgan. Erkaklar surp va beqasamdan tikilgan yaktak va kamzullar, shoyi sholvorlar, belbog’va do’ppilar, o’tkir uchli maxsus rangdor etiklar (mokki)dan, ayollar xonatlas, olacha ko’ylaklar, nimchalar, lozimlar, kavushmaxsilar, ro’mollar, durralar, xilma-xil taqinchoqlardan foydalanganlar. 20-asr boshida Makkaylik (Usta Muhammadjon), Hamdamxon, Solix. hoji Baratov, Otaxo’ja Saidazimov, Yusufjon qiziq Shakarjonov, Mahkam Hofiz, Kamolaxon Muhammadjonova, Nazirxon, cho’ntak bachcha, Adolxon, Sharofat satang singari mohir raqqos va raqqosalar faoliyat ko’rsatgan. Farg’ona raqsini 20-asr davomida sahnaga olib chiqib, uni yanada rivojlantirish va boyitishda Usta Olim Komilov, Tamaraxonim, Mukarrama Turg’unboeva, Roziya Karimova, Gavhar Rahimova, Qunduz Mirkarimova, Dilafro’z Jabborova, Qizlarxon Do’stmuhamedova, Ma’mura Ergasheva va b.ning xizmati katta. Ad.: Avdeeva L.A., O’zbek milliy Ratsei tarixidan, T., 2001; Karimova R., O’zbek raqslari, T., 2003. Muhsin Qodirov.