FARG’ONA TEATRI
FARG’ONA TEATRI, Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Farg’ona viloyat musiqali drama va komediya teatri — O’zbekistonning ko’hna teatrlaridan biri. 1930 yilda tashkil bo’lgan. Tashkilotchilari Mamadali Haydarov, Soli Ahmedov. 1933 yil Marg’ilon teatr truppasi ham Farg’ona teatriga birlashtirildi. Muxammad Tojizoda bosh rejissyor etib tayinlandi. B. Po’latov, M.Olimova, M. Qorieva, S.Qosimov, L.Sarimsoqova, S.Saidova, A.Rahmonov, Ya.Mamatxonov kabilar teatrning dastlabki ijodkorlaridir. M. Tojizoda “Ichkarida” (K.Yashin; T. Jalilov) musiqali dramasini sahnalashtirdi. Ona rolini ijro etgan L.Sarimsoqovaning ijro mahorati qimmatli tajriba maktabi bo’ldi. Ketma-ket sahnalashtirilgan “Halima”, “Arshin mol olon”, “Yondiramiz”, “nomus va muhabbat”, “Gulsara”, “Rustam”, “Platon Krechet” kabi spektakllar bilan teatr o’z mavqeini mustahkamladi. Teatr repertuari rangbarang mavzularga alohida e’tibor berdi. “Ikki boyga bir malay” (K.Goldoni), “Malikai Turandot” (K.Gossi), “Uylanish” (N.Gogol), “Nomus” (G.Mdivani) kabi tarjima asarlar sahnaga qo’yildi. Pekin tomoshabin ruhiyatidan bir qadar uzoq va sahnalashtirishda ko’ringan tajribasizlik tufayli teatr faoliyatini ular emas, balki xalqqa yaqin “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” kabi musikali dramalar belgiladi. Ilk bor Farg’ona teatrida sahnalashtirilgan “Tohir va Zuxra” (S.Abdulla; T.Jalilov) spektakli musiqali drama rivojida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Teatrning birinchi 10 yilligida M. Haydarov asosiy ijodiy siymo bo’lib, uning ustozligida S.Ahmedov, S.Qosimov, A.Rahmonovlar rejissyor sifatida etildilar. S.Saidova, Ya.Mamatxonov, F.Xo’jaeva, Yu.Oripov, A.Yunatonov kabi iste’dodli aktyorlar va G’. Toshmatov, Z.Haydarov, G’.Hotamov kabi sozanda va bastakorlar tarbiya topdilar. Urush yillari T: Shevchenko nomidagi Ukraina va Moskva Lenin komsomoli teatrlari b-n bir binoda ijod qildilar. “Nodira”, “besh so’mlik kelin” kabi musiqali asarlar hamkorlik namunasi bo’ldi. “Qurbon Umarov”, “Davron ota” kabi asarlar ham shu yillar mahsuli. Urushdan keyingi yillarda yuqori va shirali ovozga ega bo’lgan aktyorlarning yetishuvi xalqqa yaqin musiqali dramalarni tubdan qayta talqin etish imkonini berdi: “Layli va Majnun”, “Gulsara”, “Nurxon”, “Tohir va Zuhra” va b. O’tmish va shaxslarga qiziqish natijasi o’laroq “Alisher Navoiy”, “Muqimiy” spektakllari yuzaga keldi. Yangi yaratilgan musiqali dramalar orasida “Alpomish”, “Ravshan va Zulxumor”, “Qumrining murodi” teatrga katta muvaffaqiyat keltirdi. Zamonaviy mavzuda “shohi so’zana”, “og’riq tishlar”, “yurak sirlari”, jahon mumtoz asarlaridan “aybsiz aybdorlar”, “makr va muhabbat” sahnalashtirildi. 60-yillar teatr repertuari “Tog’a jiyanlar”, “Toshbolta oshiq”, “Meli xobbonu Nabi tovon”, “Tobutdan tovush”, “oy tutilgan tunda” kabi spektakllar bilan boyidi. 1966 yil ilk bor Farg’ona teatrida qo’yilgan “gul va Navro’z” (S. Abdulla, M. Muxamedov; T. Jalilov) spektaklidan boshlab musiqali drama yo’nalishida keskin ko’tarilish boshlandi. Bu yillar X. Qozoqova, F. Baratova, J. Oxunov, T. Qodirov, K. Ahmedova, X. Hojinabiyeva, Q.Hotamova kabi aktyorlar, bosh dirijyor D. Jalilov, sozandalardan M. Murtazoev, M. G’iyosov, Y. Ergashev kabi va iste’dodli rassom Z. G’oyibovlar etakchilik qildilar. 1970 yil teatrga bosh rejissyor bo’lib kelgan N. Otaboev diqqatini ijtimoiy ko’lami keng asarlarga qaratdi: “parvoz” (uyg’un), “Revizor” (N. Gogol), “Qandala” (V. Mayakovskiy), “o’tgan kunlar” (A. Qodiriy), “Muxtor vakil” (N. Yusufiy) va boshqalar shular jumlasidan. “To’ylar muborak” (O’. Hoshimov), “to’ydan keyin tomosha” (Shukrullo), “oq buloq parizodi” (M. Mirzaeva), “hokimi mutlaq” (M. Karim) singari spektakllarni Z. Madaliev sahnalashtirdi. 80-yillardan avj ola boshlagan milliy uyg’onish, o’zlikni anglash Farg’ona teatrida ham o’z aksini topdi. Teatrga rejissyor bo’lib kelgan O. Salimov Ch. Aytmatov asari asosida “Sohil bo’ylab chopayotgan Olapar” nomli ilk spektaklidayoq uning ijtimoiy muammolarni keskin ifoda etishlik xususiyati namoyon bo’ldi. Ifoda shaklining oddiyligi va ma’no ko’lamining kengligi shu rejissyor sahnalashtirgan “temir xotin” (Sh. Boshbekov) spetaklida namoyon bo’ldi. Mazkur spektakl O’rta Osiyo va Qozog’iston teatr festivalida oliy mukofotga sazovor bo’ldi va shu spektaklda Qo’chqor rolini ijro etgan M. Yusupov “eng yaxshi erkak roli” mukofoti bilan taqdirlandi. Rejissyorning “Jafoga vafo” (Alp Jamol), “qog’oz qayiqchalar” (I. Tursunov), “Qo’ng’irokli yolg’onchi” (A. Obidjon) spektakllari teatr mavkeini baland kutarilishida asosiy omillardan bo’ldi. Ajoyibg’aroyib sarguzasht, samimiy yumor, oddiylik, so’z bilan harakat, musiqiy va plastik vositalarning o’zaro qovushimligi “Toshkentga sayohat” (Hamza asari asosida B. Omonov tabdili) spektaklining keng dovrug’taratishiga sabab bo’ldi. Istiqlol davri ijod erkinligi tufayli dunyoga kelgan qator original spektakllarda Farg’ona teatrining hayotiy voqelikka yondashuvi o’ziga xos tarzda namoyon bo’ldi. O’tmish tarixi bilan faxrlanish tuyg’usi sahna temurnomasiga hissa bo’lib qo’shilgan “Amir Temur va To’xtamishxon” (T. Mirzo), Alfarg’oniyga qaratilgan “Osmonga sig’magan muxabbat” (y. Sulaymon), “Parijga sayohat” (Moler pesasi, Sh.Boshbekov tabdili), “kampir topaymi, dadajon” (A. Xursandov), “Baxt o’g’risi” (I .Tursunov), “tikansiz tipratikonlar” (Sh. Boshbekov), “Tuzoq” (R. Tom) va boshqalar teatrning so’nggi yillardagi eng yaxshi spektakllaridir. S. Ahmedov, Yo. Hotamova, X. Ikromov, S. Hakimov, I. Sultonov, M. Shomurodova, R. Xolbekov, Q. Xudoynazarov, A. Ishoqov, rejissyor M. G’ulomov, dirijyor A. Umarov va boshqalar teatrning yetakchi ijodkorlaridir. Bosh rejissyor — Muhammadsoli Yusupov (2004). Sotimboy Tursunboev.