“FARHOD VA SHIRIN”

“FARHOD VA SHIRIN” – turkiy xalqlar adabiyotlarida an’anaviy mazmunga ega bo’lgan va bir necha ijodkorlar tomonidan qalamga olingan ishqiy qissa va dostonlardan birining nomi. Shirin va Farhod forstojik adabiyotida 10-11-asrlardan boshlab Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”, Nizomiy Ganjaviyning “Xusrav va Shirin”, Xusrav Dexlaviyning “Shirin va Xusrav”, o’zbek shoiri Qutbning “Xusrav va Shirin” dostonlarida eng fidoyi oshiq va ma’shuqalar sifatida tasvirlangan. Alisher Navoiy Sharqda bu an’anaviy ishqiy qissani qayta ishlab, uni yangidan shakllantirgan, Farhod va Shirinni dostonning bosh qahramonlari sifatida tasvirlagan va unga “Farhod va shirin” deb nom qo’ygan. Navoiy yigitlik davrida “topmadim” radifi bilan yozgan g’azallarining birida yoshligida o’zi qaytaqayta o’qib, diliga jo qilgan dostonlar to’g’risida so’z yuritadi, unda shunday bir bayt bor: Ko’p o’kudum Vomiqu Farhodu Majnun qissasin, O’z ishimdin bul’ajabroqdostone topmadim. Demak, Navoiy yoshligidan boshlab mashhur oshiq va ma’shuqalar, shu jumladan, Farhod, Shirin haqidagi qissalarni ko’p va qaytaqayta o’qigan. Shu bilan birga, bu dostonlar vaqt o’tishi bilan uning shaxsiyati, shaxsiy histuyg’ulari ila birlashib ketgan va ko’nglida Farhod va Shirin haqida butunlay yangi bir doston g’oyasi shakllana boshlagan. Bu ijodiy reja esa 1483-84 yillarda amalga oshirilgan. Navoiyning “Farhod va shirin” dostoni u yaratgan “Xamsa”ning 2dostoni bo’lib, unda Farhod oddiy tosh yo’nar oshiq emas, balki xoqonning o’g’li, aniqrog’i, Xo’tan mamlakati podshosining qarilikda ko’rgan yakkayu yagona farzandi bo’lib, yoshligidan fanning barcha sohalariga qiziqqan, harbiy bilimlarni, ayniqsa, toshyo’narlik, kasbini egallashga uringan. U Shirinni otasi xazinasidagi sehrli oynada ko’rib, darhol sevib qoladi. Unga erishish uchun turli mashaqqatlarni boshidan kechiradi. U Arman elida Shirin uchun qazilayotgan ariqni bitkazish ishlarida o’zining nimalarga qodir ekanini ko’rsatadi. Ammo bosqinchi Eron hukmdori Xusrav bilan kurashda xiyla bilan qo’lga olinib, qahramonlarcha halok bo’ladi. Uning sevgilisi Shirin esa uning jasadi ustida jon beradi. 15-asrdan keyin turkiy xalqlar adabiyotida Farhod va Shirin nomlari bilan bog’langan dostonchilikka Navoiyning shu nomdagi asari o’zining katta ta’sirini ko’rsatdi. Uygur shoiri Xirqatiyning (17-asr) “Muxabbatnoma va mehnatkom” hamda Abduraim Nizoriyning “Farhod va Shirin” dostoni Farhod haqidagi xalq afsona va rivoyatlari bilan bir qatorda Navoiy dostonidan ruhlanib yaratilgan. 19-asrda yashab ijod qilgan o’zbek shoiri mahzunning “Farhod va Shirin” dostonida ham Farhod bilan bog’liq. Navoiy asarlaridagi asosiy syujet chizig’i saklangan. Bu dostonida mahzun Navoiy g’azallaridan ham foydalangan. Mashhur o’zbek xalq baxshisi Fozil Yo’ldosh o’g’li repertuarida “Farhod va Shirin” dostoni ham bo’lib, mazmuniga ko’ra u ko’p jihatdan Navoiy dostoniga yaqin. 1922 yilda “Farhod va Shirin” nomi bilan o’zbek shoiri va dramaturgi Xurshid tomonidan musiqali drama, 1941 yilda mashhur Ozarbayjon shoiri Samad Vurg’un tomonidan drama asari yaratildi. Bu asarlarning yuzaga kelishida Navoiy dostoni birinchi manba bo’lishi bilan birga ularda ulug’ shoir kuylagan insonparvarlik, mehnatsevarlik, zulmni qoralash goyalari, xalqchillik yanada yorqin o’z aksini topdi. As: Alisher Navoiy, Mukammal asarlarto’plami, 8j., T., 1991; Xurshid, Tanlangan asarlar, T., 1967. Ad.: Bertels E.E., Nizami i Fizuli, M., 1962; Erkinov S, Navoiy “Farhod va Shirin”i va uning qiyosiy tahdili, T., 1971. Abduqodir Hayitmetov.