FARMAKOLOGIYA

FARMAKOLOGIYA (Yunoncha pharmacon — dori va logiya) — tibbiy-biologik fan; odam va hayvonlar organizmiga dorilar yuborilgandan keyin ularda ro’y beradigan o’zgarishlarni o’rganadi. Farmakologiya bir necha yo’nalishlarni o’z ichiga oladi: farmakodinamika — dori-darmonlarning organizmga ta’sirini, farmakokinetika — dorilar organizmga tushgandan to organizmdan chiqib ketguncha bo’lgan harakatini (so’rilishi, taqsimlanishi, biotransformasiyasi va ekskresiyasi), biokimyoviy farmakologiya — dorilarning organizmdagi molekulyar ta’sir mexanizmini o’rganadi. Dori-darmonlarning tibbiyot amaliyotidagi ta’sirini o’rganish esa klinik Farmakologiyaning vazifasidir. Umumiy va xususiy Farmakologiya ajratiladi. Umumiy Farmakologiya dorilarning organizmga ta’sir mexanizmini, shu tufayli kelib chiqadigan umumiy o’zgarishlarni, dori moddalarini organizmga yuborish, ularning so’rilishi, taqsimlinishi, o’zgarishi va organizmdan chiqish jarayonlarini, dori moddalarining xususiyatiga ta’sir etuvchi sharoitlarni, dori moddalarining ta’sir va davolash turlarini, ularni birga qo’llanganda ro’y beradigan jarayonlarni hamda ularning standartlash, tasniflash va qidirish kabi juda kup muammoli masalalarini o’rganadi. Xususiy Farmakologiyaning vazifasi — asosiy ta’sir kuchiga ko’ra sistemalashgan dori moddalar, ya’ni og’riqsizlantiruvchi,siydik haydovchi va hokazolarni o’rganish. Shuningdek, turli xil mikroorganizm va parazitlarga ta’sir etuvchi dorilar ham xususiy Farmakologiyada qayd etiladi. Xususiy Farmakologiya farmatsevtik kimyo, farmatsevtik texnologiya, farmakognoziya, biokimyoviy Farmakologiya, kimyoterapiya, toksikologiya va boshqa fanlar bilan uzviy bog’liq. Shu tufayli tibbiyotning asosiy nazariy bilimlari Farmakologiya orqali amaliy tibbiyotga tadbiq etiladi. Farmakologiya tarixi uzoq o’tmishga borib taqaladi, chunki inson yaratilgandan boshlab u tabiat qo’ynida yashab o’zining turli xil noxush holatlari va kasalliklariga atrofidagi giyohlardan, hayvonot olamidan shifo, dori-darmon izlagay. Farmakologiya rivojlanishiga qadimgi Arab, yunon va Osiyo mamlakatlari olimlari ham katta hissa qo’shganlar. Xususan, Gippokrat, Dioskarid, Galen va boshqalarning dorivor giyohlar hamda ularning ishlatilishi haqidagi ma’lumotlari 19-asrgacha Farmakologiya sohasida asosiy qo’llanma bo’lib kelgan. Yaqin Sharq va O’rta Osiyoda Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sinolarning dorivor giyohlar va moddalar haqidagi asarlari Farmakologiya taraqqiyotiga muhim turtki buldi. Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarida qayd etilgan 811 xil oddiy dorilarning 612 tasi dorivor o’simliklar va ulardan foydalanish usullariga bagishlangan. Ushbu asar shu kungacha o’z ahamiyatini saqlab kelmoqda. 19-asrga qadar Farmakologiya asosan empiric tarzda rivojlangan. Shu davrga kelib eksperimental Farmakologiya shakllandi. Bunda Farmakologiya Majandi, Klod Bernar, R. Buxgeym, I. P. Pavlov, V. V. Zakusov, M. D. Mashkovskiy va boshqa jahon olimlarining ulkan hissalari bor. O’zbekistonda Farmakologiya 1920 yil Toshkentda Turkiston davlat universiteti tibbiyot fakulteti qoshida Farmakologiya kafedrasini tashkil etilishi tufayli rivojlandi. Keyinchalik respublikaning turli shaharlaridagi tibbiyot institutlari qoshidagi Farmakologiya kafedralarida, O’zbekiston Fanlar Akademiyasining ilmiy tadqiqot institutlarida Farmakologiya fani yanada rivojlantirildi. O’zbek farmakologlaridan, professor I.K. Kamilov, M. B. Sultonov, O’.B. Zokirov, Q.N. Najmiddinov, S. S. Azizova va b.ning izlanishlari natijasida dorivor o’simliklar va kimyoviy-biologik faol moddalardan 200 dan ortiq shifobaxsh moddalar ajratib olindi, ularning 30 dan ortig’i klinik tekshiruvlardan o’tkazilib, tibbiyot amaliyotiga tadbiq etildi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng Respublika sog’liqni saklash vazirligi qoshida dorivor moddalar va tibbiyot texnikasi sifatini nazorat qilish hamda standartlash bo’yicha Bosh boshqarma hamda ular tarkibida farmakologiya va farmakopeya qo’mitalarining tuzilishi munosabati bilan Farmakologiya fani yanada ravnaq topdi. Qisqa muddat ichida 20 dan ortiq shifobaxsh o’simliklar va 10 dan ortiq yangi biologik faol preparatlar (pirasin, kupir, fentriazolin, kobavit, Fensulkal, glipil, mumiyo tabletkasi, navbaxtin, benzketozon va boshqalar) tibbiyotda qo’llash uchun tavsiya etildi. Veterinariya Farmakologiyasi ham jadal rivojlanmoqda. U dorivor moddalarning turli hayvonlar organizmiga, ularning o’ziga xos kasalliklariga ta’sirini o’rganadi, hayvonlarning o’sishini tezlatuvchi, mahsuldorligini oshiruvchi, boquvini boyituvchi va turli kasalliklarning oldini oladigan dorivor moddalarni izlaydi va veterinariya amaliyotiga (Kovilon, navbaxtid va boshqalar) tatbiq etadi. Bu borada Samarqand veterinariya instituti va Toshkent agrar universitetining veterinariya bo’limlarida ilmiy ishlar olib borilmoqda. Ad.Maxsumov M. N., Malikov M. M., Farmakologiya, T., 1997; Azizova S . S ., Farmakologiya, T., 2002.