FARMATSIYA

FARMATSIYA (Yunoncha pharmakeia — dori; dori ishlatish) — dori vositalari va tibbiy buyumlar yaratish bo’yicha izlanishlar, tadqiqotlar, shuningdek, ularni ishlab chiqarish, tayyorlash, sifatini nazorat qilish, standartlash usullari, davlat ro’yxatidan o’tkazish, saqlash, ular haqida axborot berish, dorixona va davolash muassasalariga yetkazib berish va sotish kabi vazifalarni o’z ichiga oladigan ilmiy-amaliy faoliyatlar majmui. 18-asrga kelib Farmatsiya fan sifatida shakllandi. Farmatsiya farmakologiya bilan birga dorivor moddalar haqidagi fanni tashkil etadi. Farmatsiyaga farmatsevtik kimyo, dori turlari va dorivor preparatlar texnologiyasi, farmakognoziya, Farmatsiyani tashkil etish va uning iqtisodi, sud kimyosi kabi ixtisoslik fanlari kiradi. Dorilar ta’siri, dori turlari, ularni qabul qilish usullari, tayyorlash texnologiyasi va boshqa omillar ta’sirini Farmatsiyaning bioformatsiya yo’nalishi o’rganadi.