FARMON
FARMON — 1) muayyan mamlakatlarda davlat boshligi (Prezident) chiqaradigan muhim huquqiy hujjat. Farmon bilan, odatda, shaxslar yuksak lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi, favqulodda yoki harbiy holat tartibi joriy etiladi, orden va medallar bilan mukofotlash amalga oshiriladi, oliy harbiy va faxriy unvonlar beriladi, umumnormativ xususiyatga ega bo’lgan qarorlar rasmiylashtiriladi. Umumiy qoidaga ko’ra, Farmon mazkur davlat konstitutsiyasi va qonunlariga zid bo’lmasligi kerak. O’zbekiston Respublikasida Prezident Farmonlari Oliy Majlis yoki Vazirlar Mahkamasi roziligisiz mustaqil tarzda Prezident tomonidan qabul qilinadi. 2) Farmon mazmun va mohiyatiga ko’ra, konstitutsiyaviy normalarni ijtimoiy hayotga tatbiq qilishning vositasi sifatida namoyon bo’lib, yuridik kuchi nuqtai nazaridan konstitutsiya va qonun normalariga nisbatan ikkilamchi hisoblanadi.