FARZANDLIKKA OLISH

FARZANDLIKKA OLISH – ota-onasining homiyligidan mahrum bo’lgan bolalarni tarbiyaga olish va farzandlikka olinuvchi bilan farzandlikka oluvchi o’rtasidagi, ota-ona bilan bolalar o’rtasidagi mavjud huquqiy (shaxsiy va mulkiy) munosabatlarni belgilash. O’zbekiston Respublikasining Oila kodeksida otaona qaramog’idan mahrum bo’lgan va yetim bolalar, ayni vaqtda, faqat voyaga yetmagan bolalarnigina ularning manfaatlarini ko’zlab farzandlikka olinishi ko’rsatilgan. Farzandlikka olish bolani Farzandlikka olishni istagan shaxslarning arizasiga binoan hamda vasiylik va homiylik organi (xalq ta’limi, sogliqni saklash, ijtimoiy ta’minot bo’limlari, vasiylik va xomiylik organlari) tavsiyasiga ko’ra, tuman (shahar) hokimi qarori bilan rasmiylashtiriladi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi 171-sonli qarori bilan tasdiklangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari”da belgilanishicha, FXDYO organi qabul qilingan hujjatlar asosida tug’ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga tegishli o’zgartishlarni kiritadi va tug’ilganlik haqida yangi guvohnoma beradi. Farzandlikka oluvchilar bolaning tug’ilishi qayd etilgan daftarga uning otaonasi deb yozilishi kerak. Bolaning manfaatlaridan kelib chiqib, zarur hollarda bolaning familiyasi, ismi, otasining ismigina emas, balki tug’ilgan sanasi ham bir yildan ortiq bo’lmagan farq bilan o’zgartirilishi mumkin. Agar bola 10 yoshdan oshmagan bo’lsa, tug’ilgan joyi ham O’zbekiston Respublikasi doirasida o’zgartirilishiga yo’l qo’yiladi. Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar bo’lishi mumkin. Quyidagi shaxslar farzandlikka oluvchilar bo’lmaydilar; ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar; qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklanganlar; asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro’yxatda turuvchilar; farzandlikka olganligi bekor qilingan sobiq farzandlikka oluvchilar; qasddan sodir qilingan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilinganlar. Qonun o’gay ota va o’gay ona tomonidan Farzandlikka olish hollaridan tashqari holatlarda farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq 15 yoshdan kam bo’lmasligini shart qilib qo’yadi. Farzandlikka olinuvchining qarindoshlari, farzandlikka olinuvchi oilasida yashayotgan shaxs, akauka, opa-singillarni ular o’rtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar, o’gay ota va o’gay ona, O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar Farzandlikka olishda ustunlik huquqiga egadirlar. Qoida tariqasida, 10 yoshga to’lgan bolani Farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi. Bolaning roziligi vasiylik va homiylik organi tomonidan anikdanadi. Bolani Farzandlikka olish uchun farzandlikka olinayotgan bola ota-onasining roziligi talab etiladi. Ammo quyidagi hollarda otaonaning roziligisiz Farzandlikka olishga yo’l qo’yiladi: otaonaning kimligi noma’lum bo’lsa; ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo’lsa; ota-ona muomalaga layoqatsiz, bedarak yo’qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan bo’lsa; otaona bir yildan ortiq muddat davomida bolalar yoki davolash muassasalaridagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan bo’lsa. Farzandlikka olingan bolalar barcha shaxsiy va mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining o’z bolalariga tenglashtiriladi. Ayni vaqtda farzandlikka olinganlar va ularning otaonasi (shuningdek, qarindoshlari) bir-birlariga nisbatan shaxsiy va mulkiy huquqlarni yo’qotadilar hamda o’zaro majburiyatlardan ozod bo’ladilar. Farzandlikka olish sirini oshkor qilish tegishli ravishda jinoiy javobgarlikka olib keladi. Shoira Yo’ldosheva.