FAVVORA
FAVVORA, fontan — sun’iy bosim ostida yuqoriga otiluvchi suv oqimi va uni hosil qiluvchi inshoot. Dastlab Favvoradan ichimlik suvi manbai sifatida ham foydalanilgan, keyinchalik shahar maydonlari, saroy va bog’larni bezash, havoni salqinlashtirish vositasi sifatida qo’llanilgan. Favvoralar quduq, chashma, hovuz kabi suv inshootlari bilan bog’liq. Favvorada me’morlar tomonidan oqar suvning badiiy-estetik jihatlari va shifobaxshligi namoyon qilingan. Ellinizm davrida me’moriy mujassamot markazini belgilashda daraxt, haykal bilan bir qatorda Favvoralar ham muhim urin tutgan (Gerkulanumlaph “terrasa” uylari va boshqalar). Ko’pincha serhasham qilib quriladi. Favvoralarning bezak jihati Mag’ribdagi haykaltaroshlik asarlari bilan bezatilgan Madinash azzahra saroy majmuasisa, jez va tilladan ishlangan Alhumro saroyi Favvoralarida o’z aksini topgan. Shoh Abbos davrida Isfahon (Eron) xiyobonida ko’pgina hovuzlarni Favvoralar jonlantirib turgan (Xashtbihisht ko’shki o’rtasidagi 8 qirrali hovuzda qurilgan Favvora, Chihel sutun ko’shkida hovuz burchaklaridagi poyustunga ishlangan sher shaklidagi marmar haykalli Favvoralar). Yevropada Uyg’onish davri va barokko davrlarida saroybog’lar mujassamotida Favvoralar muhim o’rin egallagan (masalan, Tivolidagi D’ Est’e villasi, 1550-72, me’mori P. Ligorio). Klassisizmning serhasham Favvoralari (Versaldagi Katta kanal, Appolon va laton Favvoralari, Petrodvorespagi katta kaskad kabilar) ulug’vorligi bilan ajralib turadi. Turkiyadagi Favvora — chashmalar uy devoriga tutash peshtoqsimon yarim doira shiypon yoki Rotonda ichiga qurilgan. 18-asrdan Favvoralar ochiq maydonlarda murabba, ko’pburchak yoki doira tarhli qilib qurilgan, marmar bilan qoplanib, bejirim ko’rinishga ega bo’lgan; sirtlari ravoklar, jez panjaralar bilan bezalgan (Turkiyaning To’pqopu saroyidagi Favvora). O’rta Osiyoda Favvora qurilishi 14-15-asrlarda keng rivojlangan. Amir Temur boglariga ishlangan Favvoralar xaqida yozma ma’lumotlar saqlangan. Bu Favvoralarga suvlar maxsus moslamalar (sopol quvurlar) dan kelib, hovuzlarga tushib ariqchalar orqali tashqariga oqib chiqqan. Hovuz atrofi har xil rangdagi marmar toshlar, rangbarang gullar tasviri bilan bezatilgan. Hovuzlarga quyiladigan ariqchalarning qirg’oqlari ham marmar toshlar bilan qoplangan. Qo’lyozma kitoblar (masalan, Nizomiyning “Xamsa”, Boburning “Bobirnoma” va boshqalar)ga ishlangan miniatyuralarda Favvora namunalari aks ettirilgan. O’zbekistonda Favvora, asosan, madaniyat va istirohat bog’larida, shahar maydonlarida, jamoat binolari oldida bunyod etilgan (Toshkentdagi teatr maydoni, 1947; Xadra maydoni, 1952-53; Navoiydagi “Farhod” va “O’zbekiston daryolari”, 1970 va boshqalar). Mustaqillik maydonidagi Favvoralar (1970-74) katta texnik imkoniyatga ega bo’lgan, qator jo’mrakli, ajoyib manzarali murakkab muhandislik inshooti hisoblanadi. Hozirgi zamon Favvoralari fan-texnika yutuqlari asosida bunyod etilmoqda, Oqshomda ular harakatdagi rangli nurlar bilan yoritiladi. Suvning shovullash ovozi musiqiy ohanglar bilan muvofiqlashtiriladi.