FAXRI HIROTIY
FAXRI HIROTIY, Amiriy (taxalluslari; asl ism-sharifi Sulton Muhammad ibn Amir Muhammad) (15-asr, Hirot — 1562/63, Hindiston) — shoir, adabiyotshunos. Alisher Navoiyning “Majolis unnafois”ini “Latoyifnoma” nomi bilan forschaga qayta tarjima qilgan (1521-22). Faxri Hirotiy asarga bir necha bob ilova qilib, “Majolis unnafois”ga kirmagan 189 shoir haqida ma’lumot keltirgan. Tazkirachilikda Navoiy an’analarini davom ettirgan. Uning “Sanoe’ ulhasan” asari badiiyat ilmi, qofiya va aruzga bag’ishlangan, “Haft kishvar”da tarixiy voqealar, turli afsonalar, axloqiy masalalar aks etgan. She’rlaridan 5000 baytli devon tuzgan. Faxri Hirotiy keyinchalik keng tarqalgan “Radoif ulash’or” majmualari tuzish an’anasini boshlab bergan. Majmua turli davrlarga mansub shoirlar she’rlaridan Arab alifbosi tartibida gazal, qasida va boshqa she’rlarning radifi bo’yicha tuzilgan. Faxri Hirotiy “Bo’stoni xayol”, “Tuqfat ulhabib”, “Javohir ulajoyib”, “Ravzat ussalotin” va boshqa asarlar ham yozgan. As.Vohidov R., “Majolis unnafois”ning tarjimalari, T., 1984.