FAXRIDDIN ALI SAFIY

FAXRIDDIN ALI SAFIY (taxallusi Safiy) (1463.11.2, Sabzavor — 1532, Hirot) — tarixchi va faylasuf, Voiz, tarjimon. Husayn Voiz Koshifiyning o’g’li. 1468 yilda oilasi Hirotga ko’chib kelgan. Faxriddin Ali Safiy Qarshida Xojaahror bilan ilk marta uchrashib, 4 oy uning xizmatida bo’lgan (1484). Keyinchalik Samarqandga kelib 8 oy uning yonida turgan va kotiblik qilgan (1487). U Xoja Ahrordan eshitganlarini doimo yozib borgan. Xoja Ahror vafotidan so’ng Hirotga qaytib Husayn Boyqaro xizmatiga kirgan va otasi singari uning voizi bo’lgan. Faxriddin Ali Safiy fors tilida 10 ga yaqin asarlar yozib qoldirgan. “Rashahot Ayn alhayot” (“Obi hayot tomchilari”; qisqacha “Rashahot”), “Latoif uttavoyif” (“Latofatnoma” nomi bilan 1996 yil Toshkentda nashr etilgan), “Aniysul orifin fil mavoiz” (“donolarning nutq paytidagi yo’ldoshi”), “hirz ulamon min fitan izzamon” (“zamonning fitnalaridan saqlovchi tumor”), “Kashful Asror” (“sirlar kashfi”) asarlari va “Maxmud va Ayoz” lirik Doston muallifi. U Shaxrbuddin Suxravardiyning “uyun alhaqoiq va izoh altaroiq” (“haqiqatlar bulog’i va tariqatlar izohi”) asarini arabchadan fors tiliga tarjima qilgan. Tasavvuf namoyandalari haqidagi “Rashahot” (1503) asarida mashhur Shayx Xoja Ahrorning hayoti va faoliyatidan tashqari Movarounnahr va Xurosonda yashab o’tgan yuzlab shayxlar (asosan, buxorolik 7 pir)ning ham tarjimai hollarini keltirgan. Asarda Movarounnahrning 15-asrdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahvoliga oid qimmatbaho ma’lumotlar mavjud. Bu asar tasavvuf tarixini o’rganishda, O’rta Osiyoda yashagan mashhur mutasavviflar, olimlar va shayxlarning hayotini tadqiq etishda muhim manba qisoblanadi. “Rashahot” debocha, muqaddima, 3 bob va xotimadan iborat. Asar fors tilida Hindiston (1890, 1897, 1906)da, Toshkent (1911)da nashr etilgan. Uning Arabcha (1852, 1889), turkcha (1888) tarjimalari ham chiqqan. Xorazmda domla Xudoybergan ibn Bekmuhammad tomonidan eski o’zbek tili (1879)ga qilingan tarjimasi Toshkentda sharqshunos olimlar — Mahmud Hasaniy va Bahriddin Umrzoq tomonidan nashr qilindi (2003, 2004). Bu asarning 50 dan ortiq qo’lyozma nusxalari O’zbekiston FA Sharqshunoslik intida saklanadi. As: Latofatnoma, T., 1996; Rashahrt, T., 2003; 2004. Ad.: Ahmedov B. A., O’zbekiston xalqlari tarixi maibalari, T., 1991.