FAXRIDDIN ROZIY
FAXRIDDIN ROZIY (to’liq ismi Faxriddin Abu Abdulloh Muhammad bin Umar ibn Alhusayn) (1149, Ray — 1209, Hirot) — mashhur kalom olimi va diniy falsafa namoyandasi. Ray va Marog’ada tahsil olgan. Shofiiy va Ash’ariy olim sifatida faoliyat ko’rsatgan. Xorazm, Buxoro va Samarqandda yashagan. G’aznada (1185 y.gacha) va Hindistonning Panjob viloyatlarida faoliyat olib borgan, keyinchalik Hirotda yashagan. Hirotda uning uchun maxsus madrasa ta’sis etilgan, shayxulislom laqabi bilan mashhur bo’lgan, qizg’in mudarrislik faoliyatini olib borgan. Shu bilan birga uning ko’plab muxoliflari ham bo’lgan. Ular Faxriddin Roziyni diniy falsafa, e’tiqod va aqida borasidagi qarashlari uchun Islom asoslariga putur yetkazganlik, dinni buzganlikda ayblaganlar. 1209 yilda karromiylar tashviqi bilan zaharlab o’ldirilgan. Faxriddin Roziy ijodini 2 bosqichga bo’lish mumkin. Ibn Sinoning “Alishorat va ttanbehot” (“ishoralar va tanbehlar”) asariga sharh bo’lgan “Sharh ilishorat” asari ijodining ilk davriga oiddir. Uning “Munozarot ulalloma Faxriddin” (“alloma Faxriddin munozaralari”) asaridan Movarounnahr olimlari bilan turli masalalar bo’yicha qilgan munozara va mubohasalari o’rin olgan. Metafizikaga oid “kitobi muhassal afkor almutaqaddimin val mutaaxxirin” (“oldingi va zamondosh olimlar fikrlaridan namunalar”, Qohira, 1938) va Qur’on tafsiri bo’lgan “Mafotih ulg’ayb” (“g’ayb sirlarini ochuvchi”, Qohira, 1932) ijodining keyingi davriga oid asarlaridir. Mazhab masalalariga bag’ishlangan “manoqib alimom ashshofiiy” (“Imom Shofiiy Manoqibi”), fiqh masalalariga bag’ishlangan “kitob almahsul” nomli, adabiyotshunoslikka doyr “Chahordah risola” (“o’n to’rt risola”, Tehron, 1340) va nujum ilmiga doyr qator asarlari uning qomusiy olim bo’lganligidan dalolat beradi. Faxriddin Roziyning mashhur entsiklopedik asarlaridan biri “Jome’ululum” (“ilmlar to’plami”, T., 1915; Tehron, 1331) bo’lib, Xorazmshoh Alouddin Takash iltimosiga binoan yozilgan. Ushbu asar o’sha davr musulmon sharqidagi 60 fan haqida dastlabki ma’lumotlarni beradi. Muallif fanlarni naqliy (kalom, fiqh, mazxab, tafsir va hokazolar) va aqliy (tarix, grammatika, aruz, mantiq, fizika, algebra, musiqa, astronomiya, siyosat, davlat boshqaruvi va hokazolar), furu’iy (boshqa fanlardan hosil bo’luvchi) va asliy (asosiy) singari qismlarga bo’ladi. Har bir fan asoslari 2 ga bo’linib oddiydan murakkabga tamoyili asosida tushuntiriladi: oddiy asoslar (alusul alzohirot), murakkab asoslar (alusul almushkilot), takrorlash uchun savollar (alimtihonot). Bundan mazkur asarning bo’lajak podshoxdar uchun qo’llanma sifatida yozilganligi ko’rinib turibdi. Asarlarining qo’lyozmalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Qohira, Parij, Drezden sh.laridagi kutubxonalar fondida saqlanadi. Ad.: Naymov N ., Faxriddin Razi — Iz filosofskogo naslediya narodov Blijnego i Srednego Vostoka, T., 1972; Kulmatov N., Faxriddin Razi, Dushanbe, 1980. Nodir Ramazonov.